SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY KAROMATLARI
Muallif: . .
Sana: 07.11.2026
27

Annotatsiya: Ushbu maqolada Sahl ibn Abdulloh Tustariyning aytgan gaplari, qilgan karomatlari va nasihatlari, uning avliyolar haqidagi qarashlari va Tustariy kvromatlariga guvoh boʻlganlarning hikoyalari yoritilgan.

Kalit soʻzlar: Tustariy, Karomatlar, Avliyolar, Abdollar, Avtodlar, Qutb, Siddiqlar, Axloq, Ilm, Sahliya.

Karomat – avliyolar tomonidan odatdan tashqari ishlar sodir boʻlishidir.[1, 101]

Islomda ahli sunnat eʼtiqodiga koʻra karomatlarga iymon keltirish lozim hisoblanadi. Karomatni Paygʻambarning moʻjizasiga tobeʼ oʻlaroq qabul qilinadi. Avliyolardan koʻplab karomatlar sodir boʻlgan. Shunday avliyolardan biri Sahl ibn Abdulloh Tustariydir.

“Albatta, Allohning avliyolariga xavf yoʻq va ular xafa ham boʻlmaslar[1]” oyati haqida Sahl aytdi: “ularni Rosululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sifatlaganlar: “agar ular Allohni zikrini koʻrsalar, jiddu jahd koʻrsaturlar va uning yoʻlida oʻzib ketarlar. Ularning feʼllari ketma-ket muvofiqdir. Ular haqiyqiy moʻminlardir””.

Sahl aytdi: “yaxshilikning hammasi toʻrt narsada jamlangan. Ular shu narsalar sabab qorinlari och abdollar[2]gaaylandilar. Xalqdan chetlanganlar, tunlarni bedor qilganlar, sukutni lozim tutganlar”. Sahldan: “nega abdollarni abdol deb nomladilar?”, deb soʻrashdi. Sahl: “chunki ular holatlarini oʻzgartirganlar. Badanlarining sirlarini hiylalaridan chiqarganlar. Soʻng ular hamisha bir holdan ikkinchi holga va bir ilmdan ikkinchi ilmga koʻchib yuradilar. Ular abadiy oʻzlari va Robbilari orasida ilmlarini oshirishda bardavomdirlar”, dedi.

Sahlni manzilida bir uy bor edi. Uni “yirtqichlar uyi” deb atashar edi. Yirtqichlar Sahlni oldiga kelar va Sahl ularni bu uyga kirgizib, goʻsht bilan mehmon qilar, soʻng qoʻyib yuborar edi. [2, 163-164]

Sahl aytdi: “Alloh moʻjizalarini avliyolariga koʻrsatdi. Avliyolar karomatlarini tasdiqlagan bandalarini baxtli qildi. Bu narsadan baxtsizlar koʻzlarini koʻr qilib qoʻydi. Qalblarini tasdiqdan burib qoʻydi. Kim avliyolar karomatlarini inkor qilsa, Allohning qudratini inkor qilgan boʻladi. Albatta, (Allohning) qudrati avliyolarda karomatlarni zohir qiladi. Ularning oʻzlari buni qila olmaydilar.[2, 237]

Sahldan: “avtod[3]larafzalmi yoki abdollar?”, deb soʻrashdi. Sahl: “avtodlar”, deb javob berdi. “nega shunday?”, deb soʻrashdi. Sahl: “chunki ular Haqqa etishganlar va ildizlari mustahkam oʻrnashgan. Abdollar esa bir holatdan ikkinchisiga koʻchib yurishadi”, dedi.

Tustariy maʼlumotiga koʻra, abdollar holi oʻsishda va oʻzgarishda bardavom boʻlganlardir. Avtodlar esa etishib boʻlgan va ular oʻzgaraydilar. Shu jihatdan avtodlar ustunroq hisoblanadilar.

Sahl aytdi: “men bir ming besh yuz siddiq bilan koʻrishdim. Ulardan qirq nafari abdol va etti nafari avtod edilar. Ularning yoʻl va mazhablari menikidek edi”. Sahl aytar edi: “men sizlar uchun xos va insonlar uchun umumiy Allohning hujjatiman”. U koʻp shukr va zikr qilar, doimiy sukut va tafakkurni lozim tutar, kam qarshi chiqar, nafsi saxovatli edi. U husni xulqi, rahm-shafqati, xolis nasihati, asl manbalarni mahkam tutib, undan kelib chiqqanlariga amal qilib, insonlarga peshvo boʻldi. Allohdan qoʻrqar va qalbi nurga toʻlgan edi. Alloh uni tilini hikmat bilan gapirtirar edi. Abdollarning yaxshilaridan edi. Agar avtod desak, balki tegirmon unda aylanadigan qutb (oʻq) edi. Garchi, sahobalar Paygʻambar alayhissalomni koʻrganlari uchun hech kimga qiyoslanmasalar ham, Sahl ulardan biridek edi. U maqtovga sazovor yashadi va Basrada gʻariblikda vafot etdi, Alloh unga rahm qilsin. [2, 163-164]

Sahl aytdi: “albatta, Allohni masjidga boradigan bandalari bor. Baʼzilari soʻrida va baʼzilari oltindan yasalib, ipak bilan bezatilgan, farishtalar tortib yuradigan markab (ulov)larda boradilar”, dedi.

Ahmad ibn Solim aytdi: “bir erni ishlov berayotgan edim, Sahlni Furot daryosi suvi ustida bir toʻshakda oʻtirganini koʻrdim. Bir kuni Sahlni hovlisiga kirsam, u erda bir otni turganini koʻrdim. Ot hovli eshigidan sigʻmas edi. Qoʻrqib izimga qaytdim va bu kichkina eshikdan ot qanday sigʻdi ekan, deb ajablandim. Sahl meni koʻrib: “qayt”, dedi. qaytib kirsam hech narsa yoʻq ekan ”. [2, 201]

Sahldan karomatlar haqida soʻradilar. Sahl aytdi: “karomatlar oʻz vaqtida oʻtib ketadi. Karomatlarning eng kattasi, xulqlaringdan bir yomon xulqni yaxshi xulqqa oʻzgartirishingdir”.[2, 285]

Tustariy koʻplab karomatlar koʻrsatgan boʻlsa ham, bu karomatlardan koʻra, bir yomon xulqni yaxshilikka oʻzgarishini karomatdan ustun koʻrmoqda. Demak, goʻzal xulq uning nazdida eng buyuk karomatdir.

Valiyning insonlarga aralashishi xorlikdir, ulardan yolgʻiz qolishi azizlikdir. Allohni valiylarini yolgʻiz holda koʻrdim.[2, 72]

Tustariy yashagan davr tasavvufda zuhd va faqr bosqichi boʻlgani sababli, uning nazdida xilvat afzal koʻrilgan. Tasavvufda ham evolyutsion jarayonlar sodir boʻlib, “Xilvat dar anjuman” gʻoyalari keyinchalik yuzaga kelgan.

Sahl aytdi: “agar Alloh ummati Muhammaddan biror valiyni doʻst tutgan boʻlsa, unga Qurʼonni zohirini yoki botinini oʻrgatib qoʻyadi”. Undan soʻradilar: “zohiri maʼlum, Qurʼonni botini nima”? Sahl: “botindan murod uni fahmlash”, dedi. Abu Bakr as-Sijziy aytdi. Mendan bu hikoya (Sahlni gapi)ni Junayd eshitib, shunday dedi: “Sahl toʻgʻri aytibdi. Bagʻdodda bizni oldimizda bir tili ajam (arab boʻlmagan) qora qul bor edi. Undan Qurʼonni oyatma oyat soʻrar edik, u esa eng goʻzal javoblarni berar edi. U Qurʼonni yodlamagan edi. Mana shu uning valiy ekanining dalilidir ”. [2, 82]

Tustariyning bu gapidan maʼlum boʻladiki, Alloh avliyolarga taʼlim olmasdan ilm berib qoʻyar ekan.

Sahldan: “karomatlar manziliga kishi qanday etadi?”, deb soʻrashdi. Sahl: “kimsidqidildan, ixlos bilan qirq kun tarkidunyo qilsa, Allohdan u uchun karomatlar zohir boʻladi. Kimga shu ishlardan keyin karomat zohir boʻlmasa, u tarkiduyo, sidq, ixlos va boshqa sifatlardan birini yoʻqotganboʻladi.[2, 245]

Tustariy xabar berishicha, qirq kun tarkidunyo qilish, zikr bilan avliyolarni chilla oʻtirishlaridir. Bu amal ular orasida koʻp tarqalgan. Bu bilan ular ruhiy yuksalishlarga erishgan. Bu holat Alisher Navoiy asarlarida “arbaiynotlar oʻtirar edi”, shaklida keltirilgan. Demak, xalq tilida “chilla oʻtirish” degan ibora asli bor gap ekan. Agar chilla oʻtirgan kishida karomat zohir boʻlmasa, bu uning kamchiligiga dalil boʻlar ekan.

Ibn Solim aytdi: “Sahlning huzurida edim. Asr namozidan keyin ikki kishi keldi va u bilan suhbatlashdi. Men oʻzimcha: “bu kishilar Sahlning oldida bu vaqtgacha qolib ketishdi, ularni qaytganini koʻrmadim. Manzilga borib ularga kechki ovqat tayyorlayin”, dedim. Sahlni oldiga kelsam hech kim yoʻq ekan. Sahldan u kishilar haqida soʻradim. Sahl: “ularning biri mashriqda shom namozini oʻqiyapti. Ikkinchisi magʻribda. Ular meni ziyorat qilgani kelishgan edi”, dedi. [2, 339]

Ibn Solimning xabar bershicha, Sahlning oldiga kelgan ikki kishi avliyolardan boʻlgan va qisqa vaqtda erning boshqa tomoniga etib olishgan. Bu zamon va makon masalasidagi karomatdir.

Sahl aytdi: “men avliyolardan bir kishini dunyoda dengiz qirgʻogʻida bir kishini oldida katta narsaga oʻxshash anorni koʻrganini bilaman. Valiy unga: “oldingdagi nima”?, dedi. U kishi: “jannatda bir anorni koʻrib, koʻnglim tusab qoldi. Alloh uni menga berdi. Anorni oldimga qoʻygach, men uni bu dunyoda shoshiltirganimdan pushaymon boʻldim. Valiy unga: “men totib koʻrsam maylimi?, dedi. U kishi: “undan eya olsang egin”, dedi. Valiy anorgaqoʻlini uzatdi va aksarini edi.U kishi buni katta ish hisobladi va: “senga jannat muborak boʻlsin. Men eyishingdan oldin manzilingni bilmay turgan edim. Bu dunyoda kim jannat mevasidan esa, albatta jannat ahlidan boʻladi”, dedi.

Bu hikoyadan maʼlum boʻladiki, kim bu dunyoda jannat mevalaridan tanovul qilishga musharraf boʻlsa, u jannat ahlidan boʻlar ekan.

Abu Bakr aytdi: “Sahldan – anordan egan kishi uni taʼmi qandayligini aytdimi”?, deb soʻradim. Sahl: “ha, unda dunyodagi hamma mevalarni taʼmi bor ekan. Hatto bundan ziyodasiga unda dunyodagi hech narsada topilmaydigan yumshoqlik va salqinlik taʼmi ham bor ekan”, dedi.

Abu Bakr aytdi: “men va Sahldan bu hikoyani eshitganlarning barchasi anor egasi ham, undan egan ham Sahlning oʻzi ekaniga shak va shubha qilmadik”. [2, 91]

Bu hikoyani eshitganlar anor soʻragan ham, undan egan ham Tustariyning oʻzi ekaniga shubha qilishmagan. Shu sababli, Tustariy nazdida rizq uchun kasb qilish yaxshi sanalmaydi.

Abul Qosim as-Saqaliy Ibrohim ibn Shaybon Xurosoniydan hikoya qiladi: “men yosh yigit vaqtimda Sahlni oldiga bordim. Sahl: “keldingmi ey togʻim”, dedi. Meni koʻzim kasallangan edi va men sukut qildim. Sahl: “kel dam solib qoʻyaman”, dedi. Men jim turdim va uning oldiga bormadim. Shunda u: “sen anavi tavakkul ahlidan boʻlsang kerak, kel”, dedi. Men uning oldiga bordim. U meni oʻqib qoʻydi va koʻzingga qoʻygin deb bir qogʻoz berdi. Men u erdan chiqib, qogʻozni tashlab yubordim. Ertalab tursam, koʻzimda hech qanday kasallik yoʻq ekan, dedi. U bir yuz toʻrt yoshga kirdi va shundan keyin hechkoʻzi ogʻrimadi”, dedi.

Tustariyning oʻzi oʻttiz yil bavosir kasali bilan kasallandi, lekin biror marta shifo soʻramadi. Chunki kasallik Allohdan kelgan edi, Tustariy esa kasallikni qaytarib olgin deyishdan hayo qilar edi.

Tustariyning qabridan xushboʻy hid kelishi ham uning karomatlaridan edi. Bunga Imom Shotibiy oʻz manzumasida ishora qilgan. [3, 219-220]

Tustariy bulardan boshqa koʻplab karomatlar koʻrsatgan va koʻp insonlarni tarbiyalagan, hamda koʻplab asarlar qoldirgan. Oʻzining Sahliya taʼlimotiga asos solgan. Uning nafs tarbiyasi, taqvo, muhabbat, ixlos kabi mavzulardagi qarashlari undan keyingi tariqatlarga taʼsir koʻrsatgan. Lekin baʼzi buyuklar kabi Tustariyning oxirgi umrini yashash oʻz vatanida nasib qilmadi. Uni Tustardan chiqarib yuborishdi va u 283/896 yili Basrada vafot etdi.

Raximov Xolmurod Majitovich
Mir Arab oliy madrasasi öqituvchisi, Buxoro davlat universiteti, tayanch doktoranti

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI:

  • 1.الشيخ ذو الفقار احمد النقشبندي. التصوف و السلوك. بيروت, المكتبة العصرية. ه1432-م2011. ص. 101
  • 2.سهل ابن عبد الله التستري. تفسير القران العظيم. بتحقيق طه عبد الرؤوف سعد و سعد حسن محمد علي . بيرت - لبنان. دارالحرم للتراث. 1425ه-2004م. ص 163-164.
  • 3.کوپریلی زاده نعمان باشا. تهذيب كلمات سهل بن عبد الله التستري و كراماته. عمان, دار الرياحين. ه1444-م2023. ص. 219-220



[1] Yunus 62

[2]Tasavvuf olimlari nazdida suluk martabasidagi zohidlar toifasi.

[3] Dunyoni toʻrt tarafini ifodalaydigan, toʻrt nafar boʻladigan avliyolar.

. .