1995-yil 16-noyabrda YUNESKO a'zo davlatlari Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasini qabul qildi. 1996-yilda BMT Bosh Assambleyasi shu sanani Xalqaro bag‘rikenglik kuni deb e'lon qildi. Deklaratsiya bag‘rikenglikni dunyo madaniyatlari, o‘z-o‘zini ifoda etish shakllari va insoniy individuallikning xilma-xilligini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunish deb ta'riflaydi. Bu qadriyat Islom ta'limotida o‘n to‘rt asr oldin Qur'on va sunnat asosida shakllangan. Islomda bag‘rikenglik ojizlik yoki e'tiqoddan voz kechish emas, balki imonning mustahkamligidan tug‘iladigan ma'naviy kamolotdir.
1. Insonning qadri va xilma-xillikning hikmati
Qur'oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Biz Odam farzandlarini, albatta, e'zozladik» (Isro, 70). Demak, inson qadri dini, irqi va tilidan qat'i nazar, yaratilishning o‘zidayoq berilgan. Xilma-xillik tasodif emas, ilohiy hikmatdir: «Ey odamlar, Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va bir-biringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni xalqlar va qabilalarga ajratdik. Albatta, Alloh nazdida eng hurmatlingiz taqvodorlaringizdir» (Al-Hujurot, 13). Ushbu oyatda ustunlik mezoni millat yoki nasab emas, taqvo va xulq ekani aytilgan. Tillar va ranglarning turlichaligi ham Allohning qudrat alomatlaridan sanalgan (Ar-Rum, 22).
2. E'tiqodda ixtiyor erkinligi
Islom e'tiqodni zo‘rlik bilan singdirishni rad etadi: «Dinda majburlash yo‘qdir» (Al-Baqara, 256). Qur'on xilma-xillikni inkor etmaydi, balki ezgulikka da'vat qiladi: «Yaxshiliklarda bir-biringiz bilan musobaqalashinglar» (Al-Moida, 48).
3. Muloqot madaniyati
Da'vat va bahsda ham go‘zal uslub talab etiladi: «Rabbingning yo‘liga hikmat va chiroyli va'z bilan da'vat qil va ular bilan eng go‘zal tarzda munozara qil» (An-Nahl, 125). Ahli kitob haqida ham: «Ahli kitob bilan faqat eng go‘zal usulda bahslashinglar» (Al-Ankabut, 46), deyilgan. Yomonlikka javob ham yaxshilik bilan berilishi ta'kidlangan: «Yomonlikni eng yaxshi narsa bilan daf et. Shunda sen bilan o‘rtangda adovat bo‘lgan kimsa go‘yo yaqin do‘stdek bo‘lib qoladi» (Fussilat, 34).
4. Adolat va insoniy muomala
Qur'on adolatni hatto dushmanlik sharoitida ham saqlashga buyuradi: «Bir qavmga bo‘lgan adovat sizni adolatsizlikka undamasin. Adolat qilinglar, u taqvoga yaqinroqdir» (Moida, 8). Din jihatidan o‘zga bo‘lsa-da, sizga zarar bermagan kishilarga nisbatan Alloh yaxshilik qilishingiz va ularga adolat ko‘rsatishingizdan qaytarmagan, aksincha, adolat qiluvchilarni sevishini bildirgan (Mumtahana, 8).
Hayot hurmati ham umuminsoniy tamoyil sifatida belgilangan: kim bir insonni nohaq o‘ldirsa, go‘yo butun insoniyatni o‘ldirgandek, uni tiriltirgan esa butun insoniyatni tiriltirgandek bo‘ladi ( Moida, 32). G‘azabni yutuvchilar va odamlarni afv etuvchilar haqida Alloh: «Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi», deydi (Oli Imron, 134).
5. Sunnati nabaviyda bag‘rikenglik
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rahmat timsolidir.
«Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik» (Al-Anbiyo, 107).
Hadisi sharifda shunday kelgan:
«Kim odamlarga rahm qilmasa, Alloh unga rahm qilmaydi» (Buxoriy, Muslim).
«Biringiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham yaxshi ko‘rmaguncha chin mo‘min bo‘lmaydi» (Buxoriy, Muslim).
«Amaliy hayotdan misollar: Payg‘ambarimiz yonlaridan yahudiy marhumning janozasi o‘tganda hurmat bilan o‘rinlaridan turganlar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, u yahudiyning janozasi-ku!» deyishganida, «Bu ham jon emasmi?» deb javob berganlar (Buxoriy, Muslim).
Madina davlatini qurganlarida esa turli qabila va din vakillarini o‘zaro huquq va burchlar bilan birlashtirgan Madina bitimi tuzilgan (Ibn Hishom). Keyinchalik hazrati Umar roziyallohu anhu Quddus ahliga bergan ahdnomada ularning jonlari, mol-mulklari va ibodatxonalarining daxlsizligini kafolatlagan (Tabariy). Abu Bakr roziyallohu anhuning lashkarga ko‘rsatmasida ayollar, bolalar, keksalar va ibodat bilan mashg‘ul rohiblarga tegmaslik buyurilgan (Imom Molik, «Muvatto»).
6. Ma'naviy merosimiz
Markaziy Osiyo zamini asrlar davomida turli xalq va din vakillari yonma-yon yashagan, ilm va hunarmandchilik rivojlangan makon bo‘ldi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Xoja Ahmad Yassaviy kabi allomalarimiz ilmni, insonga muhabbatni va ezgulikni targ‘ib qildilar. Bu meros bugungi yosh avlodga bag‘rikenglik an'anasini davom ettirish mas'uliyatini yuklaydi.
Xulosa
Bag‘rikenglik Islomda haqiqatdan chekinish emas. U e'tiqodda mustahkam turib, boshqalarning insoniy qadri, vijdon erkinligi va huquqini hurmat qilishdir. Qur'on adolatni, sunnat rahmat va go‘zal xulqni o‘rgatadi. Bugun fitna va ixtilof avj olgan zamonda ushbu tamoyillar tinchlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikning mustahkam poydevoridir.
Hamidulloh BorliboyevMir Arab oliy madrasasi talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
