
Bandalariga merosni Oʻzi taqsim qilib, vasiyatlar ishini tartibga solgan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin! Siz bilan biz ummatlariga meros ilmini oʻrgatib, vasiyat masalasini amalda koʻrsatgan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga bitmas-tuganmas salovotu durudlar boʻlsin.
Islom dini adolat va tenglik asosiga barpo qilingan. Alloh taolo buyurgan har bir buyruq yoki qaytargan har bir qaytariqda U Zotning adolati va bandalar manfaatini koʻramiz. U Zot joriy qilgan barcha hukmlarda bandalarning ikki dunyo baxt-saodati yotadi. Jumladan, meros borasidagi hukmlarni ham chuqur oʻrganar ekanmiz, ushbu haqiqatga yana bir bor iqror boʻlamiz. Ushbu maqolada bugungi kunimizda meros hukmlariga boʻlgan munosabat hamda oilalarda unga nechogʻlik amal qilinayotgani haqida soʻz yuritmoqchimiz. Albatta, bu haqda soʻz yuritishdan oldin tarixga bir nazar solsak, maqsadga muvofiq boʻladi. Zero, Islomdan oldingi holatlar va Islomdan keyingi oʻzgarishlar hamda bugungi kundagi voqeʼliklarni qiyoslasak, mavjud tafovut yaqqol koʻzga tashlanadi.
Islom dini kelib, uning hukmlari joriy boʻlishidan, xossatan, bandalarga meros hukmlarini farz qilib kelgan oyatlar nozil boʻlishidan oldin, insonlar meros borasida zulmning eng yuqori choʻqqisiga chiqib boʻlgan edilar. Ayniqsa, Islomdan oldingi qoidalarga koʻra xotin-qizlarga meros berilmasligi ushbu zulmning yorqin koʻrinishi edi. Ushbu soʻzimizning tasdigʻini quyidagi rivoyatda koʻrishimiz mumkin:
“Saʼd ibn Robeʼning xotini Saʼddan boʻlgan ikki qizini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keltirib: «Ey Allohning Rasuli, manavi ikkovi Saʼd ibn Robeʼning qizlari, otalari siz bilan «Uhud”da (ishtirok etib) shahid boʻldi. Endi boʻlsa amakilari ularning mollarini olib qoʻydi. Ularga hech qanday mol qoldirmadi. Ikkovlarining moli boʻlmasa, birov nikohiga ham olmaydi», dedi.
“Bu haqda Alloh Oʻzi hukm chiqaradi”, dedilar u zot. Shunda: “Alloh sizlarga farzandlaringiz haqida vasiyat etib...” oyati – meros oyati nozil boʻldi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularining amakisiga odam yuborib: “Saʼdning ikki qiziga uchdan ikkisini, ularning onasiga sakkizdan birini ber, qolgani esa senga boʻladi”, dedilar».
Aynan ushbu voqea meros oyatlarining nozil boʻlishiga sabab boʻlgan edi. Shundan soʻng Alloh taolo qiyomatgacha Islomning oʻzgarmas hukmi boʻlib qolgan meros oyatlarini nozil qildi:
“Alloh sizga farzandlaringiz haqida tavsiya qiladir: bir oʻgʻilga ikki qiz ulushichadir. Agar ayollar ikkitadan koʻp boʻlsalar, ularga u (marhum) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi. Agar bitta ayol boʻlsa, unga yarmi. Agar bolasi boʻlsa, u qoldirgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar bolasi boʻlmay, unga ota-onasi merosxoʻr boʻlsa, onasiga uchdan bir. Agar aka-ukalari boʻlsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarz(ado etilgan)dan soʻng. Ota-onalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmaysizlar. (Bu) Alloh tomonidan farz qilingandir. Albatta, Alloh oʻta biluvchidir, oʻta hikmatlidir”.[1]
Darhaqiqat, nafaqat Islomda, balki Islomdan boshqa tuzumlarda ham barcha masalalardagi kabi meros masalasida ham adolatsizlik hukm surar edi. Buni tarixchilar oʻrganib chiqib, hujjat va dalillar bilan isbotlaganlar.
Boshqa yurt va xalqlar toʻgʻrisida gapirib oʻtirmay, Qurʼon oyatlari nozil boʻlgan joy va u yerning xalqlari – arablarning meros boʻyicha amal qiladigan qonun-qoidalariga nazar solsak, bu holat ochiq namoyon boʻladi.
Arab jamiyatining hukmi boʻyicha faqat qurol koʻtarib, dushman bilan urush qiladigan erkaklargagina meros olish haqqi berilgan edi. Ayollar va yosh bolalarga esa merosdan hech narsa berilmasdi.
Islom dini ayollarning ham, yosh bolalarning ham merosdan haqi borligini eʼlon qildi. Bu johiliyat ahlini gʻazabga keltirdi.
Bu haqda Avfiy Ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladi: “Alloh taolo oʻgʻil-qizlarga va ota-onalarga meros bobida farz qilgan hukmlar haqida oyatlar tushirganida baʼzi odamlarga yoqmadi. Ular xotinga toʻrtdan bir yoki sakkizdan bir, qizga yarim, kichkina bolaga ham meros beriladimi? Axir ulardan birortasi ham urushda qatnashmaydi-ku! Oʻlja ham olmaydi-ku! Bu gap toʻgʻrisida indamay turinglar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yodlaridan chiqib qolsa, ajab emas yoki u kishiga aytamiz, buni oʻzgartiradilar”, deyishdi.
Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Qiz bolaga otasining merosidan yarmi beriladimi? Axir u ot minib, dushmanga qarshi urushmaydi-ku! Qoʻlidan hech narsa kelmaydigan goʻdakka ham meros beriladimi?” deyishdi.
Ular johiliyat vaqtida dushmanga qarshi urush qilganlargagina, katta yoshlardan boshlab meros berishar edi. Ularning bu savollariga javoban Alloh taolo “Alloh sizga farzandlaringiz haqida tavsiya qiladir: bir oʻgʻilga ikki qiz ulushichadir”, deb boshlanuvchi oyatlarni nozil qildi».
Ushbu rivoyatdan koʻrinib turibdiki, molu mulk borasida oʻrganib qolingan odatni tark etish qiyin kechgan. Boʻlmasa “Shariat hukmini eslatmay turinglar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yodlaridan chiqib qolsa, ajab emas”, deyishadimi? U zotga borib, “Nima uchun xotinlarga va yosh bolalarga meros berilar ekan?!” deb norozilik bildirilarmidi?
Bunday fikrga berilgan kishilarning nazarida bunaqada baʼzilar tayyorga ayyor boʻlib, moʻmaygina mol egasi boʻlib qolishadi. Xuddi shunday fikr qilayotganlar hozirgi kunda ham bor. Ular meros degan narsa umuman boʻlmasligining tarafdorlaridir. Bunday kishilar asosan gʻayridinlardan iborat boʻlib, baʼzilar ularga taqlid qilib yuribdilar ham.
Farogʻat Muhammadshoyeva
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
[1] Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolar tarjima va tafsiri –Toshkent: Toshkent Islom Universiteti, 2009. Niso surasi, 11-oyat
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
