AXLOQ VA UNI SAYQALLASH
Muallif: . .
Sana: 24.02.2023
644

Axloq “xulq” soʻzining koʻpligi boʻlib, insonda shakllanadigan xulq-atvorni bildiradi.

Baʼzi ulamolar axloqni “irodaning odati” deb taʼrif qilganlar. Yaʼni, iroda oʻziga bir narsani odat qilib olsa, oʻsha axloqqa aylangan boʻladi. Misol uchun, kishining irodasi xayr-ehson qilishga azmu-qarorli boʻlib qolsa, oʻsha “karamli xulq” deyiladi.

Islom diynida axloqiy tarbiya diyniy tarbiyaning ajralmas qismi, desak, mubolagʻa qilmaymiz. Zero, diyn yaxshi deb xisoblagan va daʼvat etgan narsalar ezgulik, yomon deb xisoblagan va manʼ etgan narsalar yovuzlikdir. Shuningdek, diyn buyurgan, hayotda va muomalada kasb etishga targʻib etgan axloq va faziylatlar Islom jamiyatida qadriyat, chiroyli xulq va maʼnaviy faziylatlar hisoblanadi.

Axloqiy dunyo oʻz tabiatiga koʻra diyniydir. Axloqi va muomalasi goʻzal boʻlmagan musulmonning diyni ham mukammal hisoblanmaydi.

Qadimdan axloq ilmi ulamolari “Odamdagi axloqlar uning yaratilishida qoʻshib yaratilgan boʻladimi yoki kishi axloqni keyin oʻrganadimi?” degan savolga javob berishda ixtilof qilishgan.

Ulardan baʼzilari: “Yaxshi va yomon axloq inson yaratilgan chogʻida qoʻshib yaratiladi, axloqni keyin kasb qilib boʻlmaydi”, deganlar.

Boshqa bir guruh ulamolar: “Inson tugʻilganda hech qanday faziylat yoki raziylatsiz tugʻiladi, unda qanday xislat boʻlsa, tugʻilganidan keyin paydo boʻladi”, deganlar.

Axloq ilmi ulamolari esa: “Ota-onasida mavjud boʻlgan baʼzi axloqlar xamirturushi insonga onasining qornidalik paytidayoq oʻtadi. Alloh bandani xalq qilish chogʻida axloq qobiliyatini ham qoʻshib yaratadi. Inson oʻsishi jarayonida tarbiya, muxit va odatlanish oqibatida u yoki bu axloqni oʻzida rivojlantiradi yoki yoʻqotib yuboradi”, deydilar.

Shuning uchun ham, Islomda xulqli sayqallashga alohida eʼtibor beriladi. Bu ish har bir musulmon uchun lozim va lobud ishlardan biri darajasiga koʻtariladi.

Alloh taolo “Qalam” surasida:

وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ {٤}

“Va, albatta, sen ulkan xulqdasan”, degan (4-oyat).[1]

Bu oyati karima Paygʻambar alayhissalom uchun katta va oliy bahodir. Alloh taolo u zotga xitob qilib, xulqlarini ulugʻlik bilan sifatlamoqda.

Yaziyd ibn Bobanusdan rivoyat qilindi:

“Oishaning oldiga kirdik va: «Ey, moʻminlarning onasi! «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday boʻlgan edi?” - dedik. Bas, u kishi:

“Xulqlari Qurʼon edi. «Muʼminun” surasini qiroat qilasizlarmi? “Qod aflahal muʼminun”ning oʻqi!» - dedi.

Yaziyd aytadi:

“Men «Qod aflahal muʼminun”ni to “li furujihim hofizun”gacha oʻqidim.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qurʼon edi”, - dedi Oisha (r.a.).

Yaʼni, Muhammad alayhissalom Qurʼondagi oliy xulqlar bilan xulqlanib, barcha yaxshi odob-axloqni oʻzlariga singdirganlar.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kuni moʻminning mezonida chiroyli xulqdan koʻra ogʻirroq narsa boʻlmas. Albatta, Alloh fahsh va chirkin soʻz aytuvchini yomon koʻrur”, dedilar».

Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilingan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat hilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, moʻmin oʻzining chiroyli xulqi ila roʻza tutuvchi va bedor boʻluvchining darajasini topadir”, deganlarini eshitdim».

Abu Dovud, Termiziy, Ibn Dibbon va Hokim rivoyat qilishgan. [2]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan odamlarni koʻproq jannatga kiritadigan narsa haqida soʻraldi. Bas, u zot: «Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq”, - dedilar.

Ul zotdan yana odamlarni koʻproq doʻzaxga kiritadigan narsa haqida soʻraldi.

Bas, u zot: “Ogʻiz va farj”, - dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat hilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

“Qayerda boʻlsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni oʻchiradi. Odamlarga chiroyli xulq ila muomala qil”, -dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning yaxshingiz chiroyli xulqligingizdir”, - dedilar».

Termiziy, Muslim va Buxoriy rivoyat qilishgan.

Buxoriyning lafzida:

“Albatta, sizning eng yaxshingiz husni xulqligingizdir”, deyilgan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan menga eng mahbubingiz va Qiyomat kuni majlisi eng yaqiningiz chiroyli xulqligingizdir. Sizlardan menga eng yoqmaydiganingiz va Qiyomat kuni majlisi eng uzogʻingiz sergap, tili uzun va mutafayhiqingizdir”, - dedilar.

“Ey, Allohning Rasuli! Sergap va tili uzunni bilamiz, mutafayhihlar kimlar?” - deyishdi.

“Mutakabbirlar”, — dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Oʻz birodarlarini yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytarish naqadar ulugʻ ish! Ana shu ish goʻzal ish boʻlib qolmay, yana sadaqa kabi savobga erishtirar ekan. Bir odamga biror yaxshi ishni qilishni targʻib qilish – oʻzi katta savobga noil qiladi ekan. Bir odamni biror yomon ishdan qaytarib qolish ham oʻshandek savobga noil qiladi ekan. Bu hadisi sharifga amal qilib yashagan jamiyatning qandoq goʻzal jamiyat boʻlishini tasavvur qilib koʻravering!

Avval ham ishora qilinganidek, axloq va odobni yaxshi saviyada tutib turish uchun doimo ularni sayqallab turish va buzilishiga qarshi choralar koʻrish kerak. Buning uchun esa, axloq-odobni buzadigan, yomonlashtiradigan omillarni va ularni sayqallash yoʻllarini yaxshilab oʻrganish lozim.[3]

Sayyora Islomova

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

[1] “Tafsiri Hilol”. 6-Juzi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.

[2] “Ruhiy tarbiya”. 1-juzi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. 9-bet.

[3] “Iymon”. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. 56-bet.

. .