SOF ISLOM AQIDASINI SAQLASHNING AHAMIYATI VA YOʻLLARI
Muallif: . .
Sana: 27.02.2023
874

Eʼtiqod barcha ilohiy dinlarning tamalini, asosini tashkil etadi, chunki u zamonlar oʻtishi bilan oʻzgarishi mumkin boʻlgan hukmlarga oʻxshamaydi. Balki, u Odam alayhissalomdan boshlanib, qiyomatgacha oʻzgarmay turadigan tushunchadir. Shuning uchun ham unga amal qilib kelayotgan kata oqim “Ahlisunnat va jamoat” deb nomlangan. Bu jamoa aʼzolari sunniylik eʼtiqodidagi hanafiylik, shofeʼiylik, molikiylik va hanbaliylik mazhablarini haq deb biladi. Ular Aqoid ilmining ikki buyuk imomlari Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ashʼariy asos solgan aqidaviy taʼlimotlarga amal qiladi.

Hozirgi paytda dunyodagi barcha musulmonlarning uchdan ikki qismi Moturidiy aqidasiga, bir qismi Imom Ashʼariy aqidasiga amal qiladi. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Ummatim 73 firqaga boʻlinadi, bittasidan tashqari barcha firqalar doʻzaxga kiradi”, deganlar. Shunda sahobai kiromlar: Yo Rasululloh, najot topadigan bu firqai nojiya qaysidir!-deb soʻrashganida, Paygʻambarimiz Muhammad salallohu alayhi vasallam: “Ular mening va sahobalarimning yoʻlini tutganlar”, deb javob berdilar.

Paygʻambarimiz salallohu alayhi vasallam xabar qilganlaridek, islom ummati tezda 73 firqaga boʻlinib ketdi. Ulamoi kiromlar musulmonlarni botil, gumroh, bidʼatchi firqalardan asrash maqsadida ularga paygʻambarimiz xabar qilgan nojiya firqa eʼtiqodi qandayligini tushuntirdilar. Paygʻambarimiz va sahobai kiromlarning eʼtiqod va amallari Qurʼoni karim, hadis taʼlimotlariga mos ekanini isbotlab, sof islomiy aqidani vujudga keltirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻrgatganlaridek – aqidaga ega boʻlganlarni nojiya, yaʼni, ahli sunnat val jamoat deb ijmoʼ (ittifoq) qildilar.

Sahobalar davridan keyin sof islomiy aqidani buzishga harakat qilganlar, ilmsiz bu ishga kirishganlar yagona islomiy eʼtiqoddan juda koʻp adashgan toifalarni yuzaga keltirdilar. Bulardan: qaramatiy, qadariy, jahamiy, jabariy, xorijiy va moʻtaziliylar kabi bidʼatchi firqalar paydo boʻlgan va ular oʻrtasidagi aqidaviy tortishuvlar qonli mojarolarga olib kelgan. Islom olamida aqida borasida ahvol tang edi. Ulamolar oʻrtasida avj olayotgan bahsu munozaralar musulmonlar orasiga sarosimalarni keltira boshladi.

Ana shunday bir vaziyatda, “Ahli sunnat val jamoat” aqidalarini bir-biriga zid boʻlgan xilma-xil bidʼatchi firqalardan muxofaza qilish maqsadida Kalom ilmi vujudga keldi. Ummaviy xalifalaridan (717-720-yillarda) Umar ibn Abdulaziz, Zaynulobidin, Hasani Basriy va Imom Aʼzam (rahima humulloh)lar Kalom ilmining dastlabki rahnamolari hisoblanganlar. Imom Aʼzam birinchilardan boʻlib, aqida ilmida “Al-Fiqhul-akbar” (Ulugʻ fiqh) kitoblarini yozdilar. U paytda aqida (kalom) ilmi fiqh ilmidan ajralmagan edi.

Botil aqidali bidʼatchi firqalar koʻpaygach, kalom ilmi (islom falsafasi) fiqh ilmidan ajralib chiqib, tafsir va hadis ilmlari kabi asosiy ilmlardan biriga aylandi. Bu ilmning asoschi samarqandlik Hazrati Imom Abu Mansur al-Moturidiy va iroqlik Hazrati Imom Abul Hasan al-Ashʼariy islom olamining osmonida yorqin yulduzlar kabi porladilar. Kalom ilmi bilan birgalikda hadis va fiqh ilmi ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan alloma Abu Mansur al-Moturudiy hanafiy mazhabi fiqhini mukammal oʻrganib, oʻz aqidaviy taʼlimotlarida uning “Al-Fiqhul-akbar” (Ulugʻ fiqh) kitobiga asoslandilar. Imom Moturidiy yashagan davrda islom olamida eʼtiqod masalasida bir-biriga qarama-qarshi firqalar oʻrtasida munozaralar kuchayib, u baʼzan qonli mojarolar bilan yakunlanar edi. Ana shunday ziddiyatli davrda Imom Moturidiy hazratlari qilichlar hal qila olmagan, musulmonlarni tarqoqlikka olib borayotgan eʼtiqodiy oqimlarga qarshi oʻz aqlu zakovatlari, oyatu hadislardan olingan, har qanday aqlni taslim qiladigan dalillar asosida oʻta muhim muammolarni hal etdilar. Islom aqoidini parokandalik va eʼtiqodiy buzuqliklardan saqlab qolgani uchun “Musahhihu aqidatil-muslimin”, yaʼni “Musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi” va “Aʼlamul hudo”, yaʼni “Hidoyat yoʻlini, haq yoʻlni biluvchi zot” unvonlariga musharraf boʻldilar.

Alloh taologa ibodat qilishning haqiqati ham, U zotni tanishning asosi ham aqoid ilmida oʻrganilganligi sababli ushbu ilm qolgan barcha ilmlarning eng asosiysi, eng oliysi, dinning asli boʻlgan ilm hisoblanadi. Ushbu asl ilmni oʻrganish va unda bayon qilinganlarga eʼtiqod qilish xayr baraka boʻlsa, undan uzoq boʻlish yo oʻz-oʻzini qiynab behuda chiranish, yo buzuq eʼtiqod qilib dunyo-yu oxirat yaxshiliklaridan oʻzini mosuvo qilishdir. Chunki buzuq eʼtiqodda boʻlgan kishining ibodatlari qabul boʻlmaydi va qilayotgan amallari ham toʻgʻri boʻlmaydi. Eʼtiqodi musaffo kishining esa qilgan qilgan ozgina amali ham oʻta sermahsul boʻladi, yaʼni Alloh taolo uning toʻgʻri eʼtiqodi barakotidan koʻplab ajr mukofotlar ato etadi. Shuning uchun ham har bir moʻmin musulmon kishi avvalo dinning asli boʻlgan aqoid ilmini oʻrganishi oʻta zarur boʻladi.

Roxat Muhammadshoyeva

Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

. .