QURʼON - SHIFODIR
Muallif: . .
Sana: 01.03.2023
633

Oʻzining oxirgi va abadiy kitobi boʻlmish Qurʼ­oni Karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Aliymu Xobiyr boʻlmish Alloh taologa Oʻzining jaloliga munosib hamdu sanolar boʻlsin.

Oʻzlariga Alloh tomonidan nozil etilgan, ikki dunyo saodatini taʼmin etadigan Qurʼoni Karimni ummatlariga omonat ila yetkazib, unga qandoq amal qilishni koʻrsatgan sodiqu masduq Paygʻambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga mukammal va muattar salovatu durudlar boʻlsin.

Dinning asosiy maqsadlaridan biri insonga yomonlikning zararlarini bayon qilib, undan asrab qolish hamda yomon yoʻlga kirib ketganlarni toʻgʻri yoʻlga chorlashdir. Toʻgʻri yoʻlda yurish odobiy taraqqiyotning sababidir. Qaysi jamiyatda shu ish yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, oʻsha jamiyatning ahvoli nihoyatda yaxshi boʻladi. Agar insonda toʻgʻri yoʻldan yurish ragʻbati boʻlmasa, unda yaxshilikka intilish soʻnadi va yomonlik botqogʻiga botishi osonlashadi. Shuning uchun ham Islomda toʻgʻri yoʻldan yurishga alohida eʼtibor berilgan. Bunday masalalarni ham Qurʼoni karim muolaja qiladi.

Hech shubha yoʻqki, xalqlarning oʻz xususiyatlarini saqlab qolishlarida axloq asosiy omil hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha ulamolar va faylasuflar bir ovozdan: “Yolgʻiz kishilarning va barcha jamiyatlarning foydasi uchun axloq nihoyatda zarur”, deganlar. Shuning uchun ham barcha paygʻambarlar kishilarni yaxshi axloqlarga chorlaganlar. Qurʼoni karim bu masalaga alohida eʼtibor bergan. Chunki axloq oxirat neʼmatlariga yetkazuvchi asosiy narsalardan biridir. Bu haqiqatni musulmon boʻlmaganlar ham tan olishgan. Misol tariqasida doktor Gustav Lobonning quyidagi soʻzlarini keltirish mumkin: “Qurʼoni karimdagi axloq asoslari boshqa barcha din taʼlimotlaridan ustun turadi”.

Qurʼon bajarishga buyurgan yaxshi xulqlar haqiqiy insoniy fazilatlar boʻlib, dunyodagi barcha faylasuflar va islohchilar kishilarni shu narsalarga chaqirgan. Agar insonlar shu narsalarga amal qilishsa, oʻzlari uchun juda ham katta baxtga sazovor boʻlardilar.

Qurʼon inkor qilgan yomon xulqlar razolatdan iborat boʻlib, oʻzaro kelishmovchilik va dushmanlikning sababidir. Bu dunyoda inson yomonlik va yaxshilik oʻrtasida tanlovda qoladi. Bir ichki yoki tashqi sabab tufayli yo u tarafga, yo bu tarafga burilib ketadi.

Shuning uchun ham Islomda toʻgʻri yoʻldan yurishga alohida eʼtibor berilgan. Toʻgʻri yoʻlda yurish diniy kitoblarimizda “Istiqomat” va shu oʻzakdan olingan boshqa soʻzlar bilan keltiriladi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda “Istiqomat”ni koʻp maqtagan. Misol uchun, Ahqof surasining 13-oyatini olaylik:

“Albatta, Robbimiz Allohdir” degan, soʻngra bunda mustaqim turganlarga xavf yoʻqdir va ular xafa ham boʻlmaslar”.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, menga nasihat qiling”, debdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga iymon keltirdim” degin, soʻngra “istiqomatda boʻl” (doimo toʻgʻri yoʻlda yurish), degan ekanlar.

Istiqomat faqat oʻz-oʻzini isloh qilish va qalbni poklash boʻlmasdan, gunoh ishlarni qilib qoʻyganlar uchun umid eshigini ochadi va ularni yangi saodatli hayotga boshlaydi. Bu narsalar unday kishini noumidlikdan qutqaradi. Noumidlik odamlarni hech yaxshilik kutib boʻlmaydigan, doimo yomon ishlar bilan mashgʻul boʻladigan qilib qoʻyadi. Bu taʼlimotlar hozirgi zamon psixologiya ilmining barcha kashfiyotlarini oʻzida mujassamlashtirib kelgan.

Farogʻat Muhammadshoyeva

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .