ABU HAFS KABIR BUXORIYNING HAYOTI VA ILMIY MEROSI
Muallif: . .
Sana: 03.03.2023
668

Abu Hanifa asos solgan hanafiylik mazhabi VIII asr oʻrtalarida, uning hayotlik chogʻidanoq tarqala boshlab, ushbu asrning oxirlarida boshqa oʻlkalar, jumladan, Movarounnahrga ham yetib kelgan edi. Turli shaharlardagi hanafiya markazlarining shakllanishiga Iroq va Xuroson maktablari salmoqli taʼsir koʻrsatdi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf.189/805-y.)ning shogirdi Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy (150/768202 – 216-17/832203 YY.) Buxoro maktabiga asos soldi.

Toʻliq ismi Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdullox ibn Buxoriy. Dastlabki ilmlarni oʻz yurtida egallaydi. soʻngra Bagʻdodga borib, u yerda Abu Hanifa asʼhobining koʻplarini uchratgan, ulardan Muhammad ibn Hasanning bir necha yil ilmiy majlislarida boʻlgan, uning “Mabsut» kitobini koʻchirgan. U Imom Muhammaddan keyin eng kuchli, eng ishonchli, eng taqvodor faqih hisoblangan. Bunga dalil sifatida quyidagi rivoyatni keltirish mumkin: Abu Hafs bilan birga Imom Muhammaddan tahsil olgan Abu Sulaymon Juzjoniyning taʼkidlashicha: “Ustozim Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniydan: “Agar siz vafot etsangiz ilmni kimdan olaylik?”, deya soʻradim. Shunda ustozim: “Hech kim mendan ilmni Abu Hafs Buxoriychalik ololmagan”, dedilar .

Abdulloh ibn Muhammad Subazmuniy (258/872-340/952) Abu Hafs haqida quyidagi rivoyatni keltiradi: “Aflah ibn Muhammad Abu Yusufning majlisida boʻlgan, undan “Amoliy”ni yozib olgan, Ahmad ibn Hafs esa Aflah bilan majlisda Abu Yusufning huzuriga borishdan oldin birga boʻlgan. Ahmad ibn Hafs Abu Yusufni umri oxirlagan bir davrda uchratdi. Keyin Imom Muhammadga borib, uning kitoblarini eshitdi va uning huzurida fiqhni oʻrgandi” .

Demak, Abu Hafs Abu Hanifaning mumtoz shogirdlari sanalgan Muhammad va ozmuddat boʻlsa-da, Abu Yusufning ham majlisida boʻlgan. Shamsiddin Zahabiyning xabar berishicha, Vakiʼ ibn Jarroh, Abu Usomalar ham uning ustozi boʻlishgan .

Aytish joizki, Movarounnahrda fiqhning rivojlanishida Abu Yusufdan koʻra Imom Muhammadning qarashlari koʻproq taʼsir koʻrsatgan. Ilm olib oʻz yurtiga qaytgan Ahmad ibn Hafs shu tariqa hanafiy mazhabi taʼlimotini birinchi boʻlib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida tanildi . Shuning uchun Yoqutiy: “Buxoro faqihlar akademiyasi va fozillar makonidir. Buxorodan koʻra ilm ahliga hurmati kuchliroq shahar ahlini koʻrmaganman”, deya eʼtirof etadi .

Abu Hafs Kabir nafaqat fiqh sohasida samarali ijod qilgan, balki u hadis va kalom ilmlarining ham yetuk bilimdoni sanaladi. VIII-X asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Iroq va boshqa mintaqalardan yetishib chiqqan hanafiy muhaddislari va faqihlarining faoliyatlari haqida Abdulloh Subazmuniy oʻzining “Kashfu-l-osor” asarida qimmatli maʼlumotlar keltirgan. Jumladan, asarda Abu Hafs Kabir va uning avlodlari Buxorodan chiqqan ilk hanafiy muhaddislari qatorida zikr etilgan. Abu Hafs Kabir Muhammad ibn Hasandan qilgan rivoyatida: “Narsalar yaxshi va yomon tarzda taqdir qilingandir. Ahli sunnaning barcha faqihlari shunga ittifoq qilishgan. Qadar borasida tortishmanglar. Muhammad (a.s.) sahobalari haqida faqat yaxshi gapiringlar. Yoʻl topish maqsadida yulduzlarga qarashda zarar yoʻq”, degan. Olim shu mazmundagi rivoyatlar hamda oʻz qarashlarini shogirdlariga uqtirgan. Demak, Abu Hafs islom ilohiyotida moʻtadil yoʻlni tanlab, turli adashgan aqidaviy oqimlarga qarshi raddiyalar bergan. Fikrimiz dalili sifatida, faqihning hozirgi kunga qadar topilmagan, ammo nomi koʻplab asarlarda uchraydigan “Kitobu-t-taxrij” nomli asaridan Lutfulloh Nasafiy “Tasmiya sharhi” bobidan keltirgan iqtibosi, uning aqidaga doir fatvolari, shuningdek, oʻgʻli Abu Hafs Sagʻirning kalom ilmiga atab yozgan asarlarini keltirish mumkin.

Sharqshunos A.B. Xolidov va bir necha tadqiqotchilar Movarounnahr hamda Xurosonda arab xalifaligida ilk bora madrasalar barpo etilganini zikr etib, birinchi madrasa Buxorodagi “Forjak” madrasasi degan fikrni olgʻa suradilar . Abu Bakr Muhammad Narshaxiy oʻzining “Tarixi Buxoro” asarida 326/937-yili Buxoroda sodir boʻlgan yongʻindan Forjak madrasasi ham zarar koʻrganligini qayd etib oʻtadi . Keyinchalik madrasa qayta tiklanadi. Moʻgʻullar davrida yashagan va mashhur “Javomiʼul-hikoya” asarining muallifi Ibn Avfiy (XIII asr) mazkur madrasada mudarris Masʼud Imomzoda qoʻli ostida taʼlim olgani ushbu madrasaning moʻgʻullar davrida ham faoliyat yuritganligini koʻrsatadi .

Abu Hafs Kabir madrasasi

Abu Hafs Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga kata hissa qoʻshgan madrasaga asos solgan. Bu oʻz zamonasida mashhur madrasalardan sanalib, hozirgi “Poyi Kalon” mavzesida joylashgan. Narshaxiyning maʼlumotiga koʻra, Abu Hafs Kabir bomdod namozidan keyin talabalarga dars bergan . Olim koʻplab shogirdlarni tarbiyalab, kamolga yetkazdi: Abu Abdullox Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs (Abu Hafs Sagʻir), Abu Jaʼfar Rizvon ibn Salim Badokoriy, Abul Hasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizgʻukiy, Abu Zahhok Fadl ibn Hasson Sutikaniy, Horis ibn Abul Vafo Buxoriy, Dovud Shargʻiy, Abu Said Sulaymon ibn Dovud Shargʻiylar , shular jumlasidandir .

Abu Solih Toyyib ibn Muqotil Xunomatiy, Abu Hasan ibn Tolib Gʻishatiylar undan rivoyat qilishgan. Abdulkarim Samʼoniy “Ansob” nomli asarida keltirishicha, Abu Hafsning shogirdlari Xarojir degan qishloqda koʻp boʻlgan . U tufayli Buxoro shahri hanafiylikning muhim markazlaridan biriga aylandi.

Abu Hafs Kabir doim shogirdlariga shunday nasihat qilar edi: “Qurʼonni koʻp oʻqinglar. Chunki Qurʼon musʼhaf va qalblardan tez ketadi” .

Tarixchi A.Vamberi oʻzining “Tarixi Buxoro” va Sadatiy “Tarixu-d-duval” nomli asarlarida Imom Abu Xafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli oʻlkalaridagi olimlar va talabalarning orzu qilgan madrasasi boʻlganini taʼkidlashgan .

Tadqiqotchi Noji Maʼruf shu maʼlumotga asoslanib, madrasa 513/1119-20 yilda ham mavjud boʻlgan deb taʼkidlaydi. Lekin “Javohirul-muzia” asarida mashhur Shamsu-l-aimma Kardariydan (vaf. 642/1244-y.) fiqh va hadis ilmini oʻrgangan shogirdi Ahmad ibn Masʼud ibn Ahmad Soidiy Abu Hafs Kabir madrasasi mudarrisi boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumot beradi. U 655/1254-yili Buxoroda vafot etgan va Kalabod (Gulobod) qabristoniga dafn etilgan. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar Abu Hafs Kabir madrasasi Buxoroda XIII asrda ham faoliyat yuritganligidan dalolat beradi .

Buxoroda faoliyat olib borgan “Sadru-sh-sharia”lar va ularning oila aʼzolari fiqh ilmini oʻz zamonalarining mashhur olimlaridan olganlar. Fiqh ilmini oʻrganishda silsilalari Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirga yetib boradi.

Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmu fazlini baholab, uni “muallimi islom”, yaʼni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul-islom”, yaʼni “Islom dini gumbazi” va u yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh”, yaʼni “Haq yoʻl” deb atashgan. Hatto, arab diyori olimlari biror masalaning javobini topishda qiynalib qolishsa, Buxoroga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, oʻsha masalaning yechimini bilib olishar edi. Narshaxiyning aytishicha, hojilar karvoni kelayotganida, karvondan bir kishi Abu Hafsning yoniga kelib, undan masala soʻraganda, Abu Hafs hayratlanib: “Oʻzingku Iroqdan kelyapsan, nima uchun Iroq olimlaridan soʻramading?”, desa u: “Bu masalada Iroq olimlari bilan munozara qildim, lekin ular qoniqarli javob bera olmadilar va menga Buxoroga borib, bu masalani Abu Hafsdan yoki uning farzandidan soʻragin, ular senga bu masalaning javobini aytishadi deyishdi” — deb javob beradi .

Maʼlumki, Islom huquqi nafaqat sof huquqiy meʼyorlar majmuidan iborat, balki u diniy rasm-rusmlar, axloqiy mezonlarni ham qamrab oladi. Abu Hafs Kabir mana shunday talablarga rioya qilib, oʻzi yashagan jamiyat hayotidagi barcha diniy va dunyoviy masalalarni davr talablariga javob beradigan, mahalliy sharoitni hisobga olgan holda umumiy shariat normalarini ishlab chiqdi. Abu Hanifaning fiqh va shariat qonunshunoslik taʼlimotlarini mahalliy urf odatlarga moslashtirish gʻoyalarini ilgari surdi. Abu Hafs Kabir amir boʻladimi oddiy fuqaro boʻladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berar edi. Oldi-sotdi yoki ibodat masalalarini ham juda aniqlik bilan yechardi. Shu bois odamlar olimni “Hojatbaror imom” deb hurmat qilishgan. Hozirgi kunga qadar Buxoro aholisi Abu Hafs Kabir ziyoratgohini “Imomi Hojatbaror” ziyoratgohi deya ardoqlab keladi.

Abu Hafs Kabir yuqori mansab egalari oldida ham oʻz nufuziga ega boʻlgan. Zandavistiyning “Ravzatu-l-ulamo” nomli asarida keltirilishicha, sulton Abu Hafs Kabir Buxoriyga salla tortiq qilgan. Salla muhim iltifot qilingan kiyimlardan boʻlib, amirlar uni oʻzlari tanlagan va yaqin kishilariga sovgʻa qilganlar.

Abu Hafs bergan fatvolar va uning asaridan olingan iqtiboslar keyingi davr ulamolarining fiqhiy asarlarida keng istifoda etiladi. Jumladan, Abu Nasr Ahmad ibn Umar (vaf. 586/1190-y.)ning “Fatovoyi Attobiya”, Burhoniddin Mahmud (551/1156-616/1219-y.)ning “Muhitu-l-Burhoniy”, Abu Bakr ibn Masʼud Kosoniy(vaf. 587/1191-y.)ning “Badoiʼu-s-sanoiʼ fi tartibi-sh-sharoiʼ", Farididdin Dehlaviy(vaf. 786/1385-y.)ning “Fatovoyi Tatarxoniya”, Alouddin Buxoriyning “Hayratul-fuqaho”, Masʼud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning “Saloti Masʼudiy”, Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb (vaf. 1118/1707-y.)ning buyrugʻi bilan Shayx Nizomiddin Balxiy (XVII-XVIII) boshchiligida yigirma uch nafar faqih tomonidan yozilgan “Fatovoyi Olamgiriy” kabi juda koʻplab asarlarda uchraydi.

Baʼzi asarlarda olim haqidagi maʼlumotlarga alohida boblar ajratilgan. Masalan, Soʻfi Olloyorning “Maslaku-l-muttaqin” asarida “Hikoyati Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy” yoki “Bayonoti Xoja Abu Hafs Kabir” sarlavhalari ostida bob mavjud. Birinchi masnaviy oʻttiz olti misradan iborat.

Soʻfi Olloyor Abu Hafs Kabir asarlaridan foydalanib, “Farzandlarga nasihat” bobida yaxshi xulq-odob, yaxshi insoniy fazilatlar, haq-huquqini tanish, ota-ona, qarindosh, yor-birodarlarga yordam qoʻlini choʻzish, ular hurmatini qozonish, mehnatni ulugʻlash kabi otaning nasihatlarini bayon etgan . Ahmad ibn Mahmudning “Mozoroti Buxoro” (Tarixi Mullozoda) nomli asarida ham olim haqida alohida boʻlim ajratilgan .

XІX-XX asrlarda yashab ijod etgan Muxlis Namangoniyning Abu Hafs Kabirga atab yozgan muxammasini ham alohida taʼkidlab oʻtish joiz . Ayrim adabiyotlarda olimning asari deb boshka muallifning asarini nisbat berilganiga guvoh boʻlish mumkin. Masalan, 2007-yilda nashr etilgan Soʻfi Olloyorning “Maslaku-l-muttaqin” nomli asarining ilova qismida Abu Hafs Kabirning “Kitobu-l-ahvo val-ixtilof” nomli kitobi ham boʻlgan, deyiladi. Islom ensiklopediyasi va Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasida Abu Hafs Kabir “Al-Ahvoʼ va-l-ixtilof” (“Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-raddu ala-l-lafziyya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kitoblarining muallifidir, degan jumlalarni uchratish mumkin . Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning (926/1519-990/1582) “Katoib aʼlomil-axyor min fuqaho mazhabi-n-Numon al-muxtor”, Umar Rizo Kahholaning “Muʼjamu-l-muallifin”, Sulton Muhammad ibn Qalandarshohning “Risolayi Sultoniy” nomli asarlarida va yana bir qancha tabaqot janridagi kitoblarda bu asarlarning muallifi Abu Hafs Kabirning oʻgʻli Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs deb keltiriladi. Abdulkarim Samʼoniy bu kitoblar bilan bir qatorda Abu Hafs Sagʻirning “Kitobu-l-iymon” nomli asari borligi haqida eslatib oʻtadi . Yuqoridagi maʼlumotlarga tayangan holda mazkur asarlar Abu Hafs Kabir asarlari emasligi, agar shunday boʻlganda keyingi davr ulamolari tomonidan yozilgan fiqhiy manbalardagi koʻplab uchraydigan iqtiboslarda bu asar nomlari ham tilga olingan boʻlar edi, degan xulosaga kelamiz.

Qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan Lutfulloh Nasafiyning (XIV asr) “Fiqhi Kaydoniy” nomli kitobiga Saʼduddin Taftazoniy (722/1322-792/1392 yy.) tomonidan yozilgan sharhning nusxalarida bu haqda maʼlumot keltiriladi. Asar nusxalarining muqaddima qismida qoʻyidagi jumlalar keltirilgan: “...ustozning bir asarlari bor boʻlib, Xoja Abu Hafs Kabir uni “Kitobu-t-taxrij” deb nomlaganlar.

Manbalarda Abu Hafs Kabirning vafoti xususida turli rivoyatlar mavjud. Masalan, Xoja Muhammad Porso (748/1348-822/1420 yy.) "Faslu-l-xitob” nomli asarida kuyidagi rivoyatni keltirgan: Imom Mustagʻfiriy Abdulvohid ibn Rufayddan u esa Buhayr ibn Nasrdan rivoyat qilishicha, Buhayr: “213-yilda Abu Hafs: “Yetti yil ichida vafot etmasam, Allohning huzurida men uchun yaxshilik yoʻq”, der edi. Shundan soʻng oʻn toʻrtinchi, oʻn beshinchi yillarda ham shu soʻzlarni eshitdim. Haqiqatdan ham Abu Hafs 217/832-yilda vafot etdi” .

216-17/832-yilda vafot etgan Abu Hafs Kabir Buxorodagi Darvozai nav qarshisidagi tepalikda dafn etilgan. Muxammad Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” nomli asarida keltirishicha: “Marhum Xoja Abu Hafsning saroyi, kishilar u joyni qanchalik tuzatib turganliklariga qaramay, bu kungacha saqlanib qolgan emas, lekin undan ayrim nishonalargina boqiydir, savmaa – ibodat qilinadigan joy ham u uyda oʻz oʻrnida turibdi . ...Qabri Darvozayi navda, duo qabul boʻladigan joy degan nom bilan mashhur. U tepalikni Xoja imom Abu Hafs tepaligi deydilar... U joyni “Haqroh darvozasi” deyilishiga sabab shuki, odamlar oʻsha yerda, marhum Abu Hafs huzuriga kelib fatvo olar edilar va bu fatvoni haq deb bilar edilar. Shu jihatdan ular Haqrohni "haq” deb ataganlar” . Akademik V.V. Bartold uning maqbarasi ustida “Movarounnahr ulamolarining ustozi” degan yozuv boʻlganini qayd etadi . Asrlar davomida Abu Hafs Kabir maqbarasiga koʻplab vaqflar qilinib, uning hududi kengaytirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxividagi “Vaqf hujjatlari roʻyxati” (I-323)da buning misolini koʻrish mumkin.

Hazrati Imom mozori Buxoroning koʻpgina obidalari singari, shaharning uzoq va murakkab tarixiga guvoh boʻldi. Buyuk ajdodlarning nomlari va ularning dafn etilgan joylarini bosqinchilik yillari ham, sobiq sovet tuzumi ham yoʻq qila olmadi. Obidalar yopilib, ularning aksariyati shaharning tashlandiq joylariga aylantirilganini Buxoro xalqi yaxshi eslaydi.

Mustaqillikka erishganimizdan soʻng muqaddas ziyoratgohlar taʼmirlanib, ularning aholi orasidagi eʼtibori yanada kuchaydi. Qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz tiklandi. Muqaddas ziyoratgohlarda yotgan ulamolarning YUNESKO tomonidan yubileylari nishonlanib kelinmoqda. Shu bois Buxorodagi Abu Hafs Kabir majmuasi mustaqillik yillarida taʼmirlanib, goʻzal ziyoratgohga aylantirildi. Hazrati Imom darvozasi qaytadan tiklandi.

2009-yilda Buxoro viloyati hokimi tashabbusi bilan Hazrati Imom maqbarasida keng koʻlamda taʼmirlash ishlari olib borildi. XVI asrda qurilgan xonaqoh, hovuz, minora va mehmonxona qayta taʼmirlandi. Hazrati Imom mozorida olib borilgan qurilish va arxeologik qazishmalar jarayonida qabr ustiga qoʻyiladigan qabrtosh (sopoldan ishlangan gʻisht boʻlaklari) topildi. Bunday qabrtoshlarda dafn etish anʼanasi VIII-X asrlarga mansub boʻlib, undagi yozuvlarning aksariyati saqlanib qolinmagan. Oʻsha davrga oid bu turdagi topilmalar Oʻrta Osiyo qazilma yodgorliklari orasida kamdan-kam uchraydi.

Birinchi qabr toshidagi yozuv nasx xatida, diakretik belgilari yoʻq. Bu qabrtosh Abu Hafs Sagʻirning qabr toshi boʻlib, xati somoniylardan keyingi davrga toʻgʻri keladi.

Ikkinchi qabrtosh esa noyob hisoblanib, bugungi kunga qadar Markaziy Osiyoda topilgan qabrtoshlarning eng qadimgisi hisoblanadi. Undagi yozuv kufiy hatida boʻlib, tohiriylar yoki somoniylarning ilk hukmronlik qilgan davriga borib taqaladi. Bu qabrtosh IX asr oʻrtalariga mansub boʻlib, Abu Hafs Kabirning vafot etgan yiliga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ikkinchi qabr toshi Abu Hafs Kabirning qabri ustiga qoʻyilgan boʻlishi ham mumkin. Mazkur topilma olim dafn etilgan joydan topilganligi bunga dalil boʻla oladi. Balki uning oʻgʻillari yoki shogirdlaridan birining qabrtoshi boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Ushbu topilmalar Buxoroning buyuk olimlari tarixiga yana bir yangi sahifani ochadi.

Abu Hafs Kabir Buxoriyning shaxsiyati va faoliyati hali keng oʻrganiladigan mavzulardan biri boʻlib, u haqda koʻplab tadqiqotlar qilish mumkin. Hanafiy mazhabi manbalarining aksariyatida bu olimdan iqtiboslar keltiriladi. Olimning “Kitobu-t-taxrij”, “Favoid”, “Fatovo”, “Masoil” va boshqa asarlarini izlab topib, ilmiy isteʼfodaga kiritish dolzarb vazifalardan sanaladi.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

1. Ahmad ibn Mahmud. Mozoroti Buxoro. Qoʻlyozma. – B. 94.

2. Masʼud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiy. Saloti Masʼudiy. OʻzR FASHI asosiy fondi. № 4041. 1333-y.- 244v.

3. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Katoibul-aʼlom al-axyar min fuqahoi mazhabin-Nuʼmon al-muxtor. OʻzR FA SHI qoʻlyozma. № 91/II.

4. Sulton Muhammad ibn Qalandarshoh. Risolayi Sultoniy.

5. Zandavistiy. Ravzatu-l-ulamo. Qoʻlyozma. – B. 14.

6. Abdulloh Subazmuniy. Kashfu-l-osor. OʻzRFASHI Asosiy fond Qoʻlyozma. №3105. 749/1348-yilda koʻchirilgan.

7. Alouddin Buxoriy. Hayratu-l-fuqaho. OʻMI kutubxonasi. Qoʻlyozma. № 934.

8. Xoja Muhammad Porso. Faslu-l-xitob. TIA manbalar xazinasi. Toshbosma №34.

9. Abdulhay Laknaviy. Favoidu-l-bahiyya. UZR FASHI. Asosiy fond. Toshbosma. №6855.

10. Soʻfi Olloyor. Maslaku-l-muttaqin. Manbalar xazinasi. Qoʻlyozma. №161.

11. Al-Yoqutiy. Talxisu-l-osor. Qoʻlyozma. – B. 54.

Bozorov Vahobbiddin Nuriddinovich

Mir Arab Oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .