ISLOM - ADOLAT VA MO‘TADILLIK DINIDIR
Muallif: . .
Sana: 18.04.2023
321

Darhaqiqat, Alloh musulmonlar uchun o‘zlariga xos amaliy dasturni tanlagan va ularning yo‘llarini ham bayon qilib qo‘ygan. Demak, musulmonlar – unda hech qanday egrilik joyi bo‘lmagan to‘g‘ri yo‘ldadir. Binobarin, musulmonlar vasatiylik ya’ni mo‘tadillik ummatidirlar.

Islomning mo‘tadilligi va bag‘rikengligi odamlarning fikrlari va hoy-havaslaridan olinmaydi. Shubhasiz, u shar’iy manbalardan olinadi. Islom dini ham, unga ilm bilan e’tiqod qiluvchilar ham mo‘tadillikdan og‘ishishdan yiroqdirlar. Dinda chuqur ketish yoki nuqsonga yo‘l qo‘yish bilan ana shu mo‘tadillikdan og‘ishgan kimsalar islomning namoyondasi emaslar.

Haqiqatdan ham islom dini mo‘tadillikka chaqiradi. Chuqur ketish va qattiqqo‘llik singari so‘zlar bilan ifodalanadigan ekstremizmdan qaytaradi. Mana bu dalillarga nazar solgan insonga islomning dinda chuqur ketishdan qaytargani aniq-ravshan ayon bo‘ladi. Alloh taolo shunday deydi:

“Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytaradir. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslasangiz”.(Nahl surasi, 90)

Imom Ahmad o‘zining “Musnad”ida, Nasoiy va Ibn Moja o‘z “Sunan”larida, Hokim “Mustadrak”da Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishgan hadisi sharifda shunday keladi:

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar! Dinda chuqur ketishdan saqlaninglar. Chunki sizlardan oldingilarni dinda chuqur ketish halok qilgan”, dedilar.

Bu yerdagi “Dinda chuqur ketishdan saqlaninglar” degan so‘z aqidaviy hamda amaliy masalalarda chuqur ketishning barcha turlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Chuqur ketish – chegaradan oshirib yuborishdir.

Ibn Mas’ud roziyallohuanhudan rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Chuqur ketguvchilar halok bo‘lsin!”, dedilar”.(Muslim rivoyati). Ya’ni, so‘zlari va amallarida me’yordan oshirib yuboradigan va chuqur ketadiganlar halok bo‘lsinlar.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi,
Buxoro shahar “Shayx Saʼdiy” jomeʼ masjidi noibi
Akmaljon Ahmadjonov

. .