Ma’lumki shariatinsonni isloh qilish va uni jamiyat a’zolari bilan har doim bog‘lanib turishiga xizmatga qiladi. Bu yo‘l orqali jamiyat a’zolari o‘rtasida
tinch-totuvlik, emin-erkinlik yuzaga kelib, ular baxtli hayot kechiradilar.
Shak-shubhasiz inson talab qiladigan va uning ortidan quvadigan manfaatlar ham holat va zamonga qarab almashib o‘zgarib turadi. Ba’zan bir holatdagi jarayon
2-holatga va bir zamonda bo‘lgan ishlar keyingi zamonga mos tushavermaydi. Shu sababli ayrim holatlarda hukmlar oldingi insonlarga mos tushib, kelajak avlodning zamoniga va sharoitiga to‘g‘ri kelmagani yuzasidan o‘zgarishni taqozo etadi. Mana shu jihatlarni inobatga olgan holda butun samoviy dinlarda[1] nasx va uning qoidalariga ko‘zimiz tushadi. Bu nasx amaliyoti faqatgina samoviy dinlargagina cheklanib qolmagan. Balki bitta shariatning ichidagi turli hukmlarda ham nasx masalalari juda ko‘p holatlarda uchraydi. Chunki ba’zi vaqtlarda ayrim hukmlar ma’lum bir vaqt doirasidagi manfa’atni ko‘zlab mashru qilinadi. O‘sha vaqtdagi sabablar ham buni taqozo qilgan bo‘ladi. Ushbu sabablar yo‘qolganidan so‘ng hukm mashru bo‘lgan maslahat ham yo‘qoladi. Mazkur hukmni esa sabablari va illatlari hamda maqsadlaridan xoli ko‘rinishda qolib ketishi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Misol tariqasida Payg‘ambar sallalohu alayhi va sallamning Madinaga faqir musulmonlar kelgan paytda qurbonlik go‘shtlarini zahira sifatida yig‘ib qo‘yishdan taqiqlaganlarini keltirishimiz mumkin. Bu taqiqdan ko‘zlangan asosiy maqsad Madinaga kelgan kambag‘al musulmonlarga kengchilik yaratish edi. Shu sababdan qurbonlik qilgan musulmonlar qurbonlik go‘shtlarini zahira sifatida yig‘ib qo‘yishdan qaytarildilar. Hukmdagi illat yo‘qolgach mazkur hukm Nabiy sallalohu alayhi va sallamning quyidagi so‘zlari bilan nasx qilindi: Men sizlarni kambag‘al qavmlar kelganligi sababli qurbonlik go‘shtlarini zahira qilib qo‘yishdan qaytargan edim. Hozir esa uni zahira qilib olib qo‘yaveringlar. Hadislarda kelgan ushbu jarayonlarga qaraydigan bo‘lsak, dastlab ma’lum bir illat bilan shar’iy nas zikr qilindi. Undan keyin biroz vaqt o‘tgach boshqa bir shar’iy nas zikr qilindi. Shundan keyin kelgan shar’iy hukm oldingisini hukmini bekor qildi. Bu holatga keyin kelgan hukm oldingi hukmni nasx qilishi deyiladi. Zamoni oldin kelgan nas mansux, zamoni keyin kelgan xabar esa nosix deyiladi. Keyin kelgan hukmning avvalgi nasning hukmini ketkizish jarayoniga esa nasx deyiladi[2].
Shariatda nasx masalasini qo‘llanilishi ma’lum bir maqsadlarga ko‘ra o‘rinli hisoblanadi. Agar bu ishda inson aqli idrok eta olmaydigan jihatlar bo‘lganda ham musulmon kishi Alloh taoloning amriga bo‘yin egishi vojib bo‘laverar edi. Lekin yuqorida bir qancha misollarda nasx masalasining shariatda tutgan o‘rni va uning hikmatlarida inson aqli bu amalni ko‘tara olishini va unga rozi bo‘lishini bayon qildik.
Shariatda nasxni yuzaga kelishi uchun ham bir qancha sabablar va omillar kerak bo‘ladi. Zero bir marta kuchli dalillar bilan sobit bo‘lgan hukm bekor bo‘lib, nasx qilinishi uchun o‘shanday quvvatdagi hukm talab qilinadi. Demak nasx yuzaga kelishi uchun oldin shariatda bitta masalada ikki xil dalillar kelgan bo‘lishi shart ekan. Mazkur kelgan ikkala dalil hukmda va dalolatida bir-biriga qarama-qarshi holatda bo‘lib, ta’vil yoki tavjihot beriladigan bironta jihatga yo‘l qolmasa, nasx yuzaga chiqadi. Biz bu vaqtda dalillardan birini mansux, keyingisini nosix demasligimizdan o‘zga chora qolmaydi. Chunki Shore zotning kalomida aslida hech qanday ziddiyat kuzatilmaydi. Agar biz mazkur holatda qaysidir dalilni nasx bo‘lgan demasak, shariatdagi dalillarni bir-biriga zid ma’noli holatda qoldirib ketgan bo‘lamiz. Lekin bunday chigal vaziyatda qaysi dalil nosix va qaysi biri mansux deyiladi? Albatta hech kim bu borada nafsi-havosidan gapirishi mumkin emas. Balki mazkur holatda ikkita dalillarning qay biri oldin kelgan va qay biri keyin kelganligi haqida qarinalar bo‘ladi. Bir-biriga qarama-qarshi turgan dalillarning qay biri oldin zikr qilinganligi ma’lum bo‘lsa, o‘sha oldingisi mansux bo‘ladi. Keyin zikr qilingani esa nosix bo‘ladi. Shu bilan masala ham nihoyasiga yetadi.
Hukmlarning ichida dalillarga qarab ularning nosix va mansuxini ajratib olish masalasida ulamolar uch xil maslakni zikr qilib o‘tishgan:
Bir hukmga tegishli ikkita naslarning birida ularning qaysi birlari keyin kelganligini ajratib turadigan qarinasi bo‘ladi. Nabiy sallalohu alayhi va sallamdan qabrlarni ziyorat qilish masalasida 2 xil hukm rivoyat qilingan. Nabiy sallalohu alayhi va sallam aytadilar: Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Ana endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar. Bu yerda bitta masalada ikkita nas zikr qilindi. Holbuki 2-nasning o‘zida bu nas oldingisidan keyin kelgani Nabiy sallalohu alayhi va sallam ana endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar degan so‘zlaridan tushunib olindi. Demak 1-maslakda zikr qilingan naslarning ichida masalaning javobi ham kelar ekan. Ya’ni, ikkita nasning birida ularning qay biri keyin kelganligi ma’lum bo‘lar ekan.
Ummat ulamolari jamoasi tomonidan qaysi bir asrda ma’lum bir masalada kelgan dalillar o‘rganilib chiqib ulardan birini oldin, boshqasini esa keyin kelganligiga ijmo qilinadi. Shu yo‘l orqali mazkur masaladagi nosix va mansux dalillar topilib, chigal masalaga yechim beriladi.
Sahih yo‘l bilan qaysidir sahobiydan ma’lum bir hukmdagi bir-biriga
qarama-qarshi naslarning biri boshqasidan tarixi oldin yoki keyin ekani zikr qilingan bo‘ladi. Ya’ni sahobiy falon oyat falon yili nozil bo‘lgan. Bu oyat esa undan oldin nozil bo‘lgan edi deyishi mumkin. Yoki bu hadisni Nabiy sallalohu alayhi va sallam Makka davrida aytgan edilar. Bunisini esa Madinga hijrat qilganlaridan so‘ng aytdilar deyishi mumkin. Sahobalardan kelgan shunaqa rivoyatlar orqali ham nosix va mansux hukmlar orasi ajratib olinadi[3].
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ro‘zmetov MuhammadMustafo
[1] Samoviy dinlar deyilganda, Alloh taolo tomonidan ayrim Payg‘ambarlarga yuborilgan shariatlar tushuniladi. Masalan Muso a.s. ga tavrot, Iso a.s. ga injil nozil qilingani kabi. Asli botib bo‘lib, Alloh taologa nisbati berilgan dinlar bizning mavzumizdan tashqari hisoblanadi.
[2] Ibn Shohin. An-nasixu val mansuxu minal hadis. Darul-kutubil ilmiyya – Bayrut-B. 6.
[3] Ibn Shohin. An-nasixu val mansuxu minal hadis. Darul-kutubil ilmiyya – Bayrut-B. 25.