ILM ASL LAZZATDIR
Muallif: . .
Sana: 16.02.2024
130

Dunyo lazzatlar bilan limmo lim toʻlgan. Bularning ichida eng xayrlisi ilm lazzatidir. Ilm insonni yuksaltiradi, johillik botqogʻidan maʼrifat choʻqqisiga, zulmatdan nurga chiqaradi. Dunyo va oxiratda sohibining darajasini oliylarga koʻtaradi.

Lekin har goʻzallikning ibtidosi mashaqqat va qiyinchiliklarga toʻla boʻladi. Ilm olish ham uning yoʻlida yurish ham oson boʻlmaydi. Bu yoʻlning ham oʻziga xos mashaqqatlari, azoblari, bedor tunlari, qurbonliklari boʻladi.

“Ilmga boringni bermaguningcha, u senga hech narsa bermaydi”. Ha, haqiqatda shunday, inson oldiga bir maqsad qoʻyib shu ishga kirishsa unga borini berib harakat qilmagunicha, kechani kecha, kunduzni Kunduz, sovuqni sovuq, qishin yozin demay, borini bering shu maqsad tomon harakat qiladi. Hatto oʻrni kelganda eng zarur ehtiyojlari boʻlgan uyqu va taomdan ham kechadi. Chunki maqsadi aniq va u maqsad uni baxt va azizlikka olib borishiga qattiq ishonadi.

Ilm ham shunday. Uning boshlanishi “achchiq” boʻlsa ham, oxiri Shirin va lazzatli boʻladi. Chunki bu ilm fazli va darajasi haqida ulugʻ kalom Qurʼoni karimda va Paygʻambarimiz sallalohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida goʻzal tarzda bayon qilingan. Zumar surasi 9-oyatda:“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” deb marhamat qilingan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ilmli kishining ilmsiz kishidan darajasi yuqori ekanini bir necha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Abu Amoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi haqida gapirishdi, ularning biri obid, ikkinchisi esa olim edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan ortiqligi xuddi mening sizlardan eng quyi darajadagi kishidan ortiqligimga oʻxshaydi”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Ilm – ruh ozigʻi. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qoʻlga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Nabiyeva Muslima
. .