NAMOZDA “OMIN” NI MAXFIY AYTISH MASALASI
Muallif: . .
Sana: 27.03.2024
262

“Omin”ni namozda jahriy yoki maxfiy qilish masalasiga kirishishdan oldin uni Fotiha surasidan keyin namozxon aytishining hukmi va fazilati haqida to‘xtalib o‘tamiz. Hanafiy mazhabiga ko‘ra “omin”ni fotiha surasidan keyin aytish sunnat amal hisoblanadi. Bunga dalil:

Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon imom: “G‘oyril mag‘zduubi alayhim va lazddoooolliin”, dеsa: “Aamiyn”, dеnglar. Chunki (ushbu vaqtda) Farishtalar ham imom ham “Aamiyn” deb aytishadi. Bas kimning so‘zi farishtalar so‘zi bilan muvofiq kеlib qolsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb aytganlar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: “Qachonki imom “Aamiyn” deb aytsa sizlar ham aytinglar. Chunki kimning “omin”i farishtalar aytgan “omin”i bilan muvofiq kеlib qolsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb marhamat qilganlar.

Yuqoridagi hadislardan ma’lum bo‘ldiki “omin”ni aytish sunnat ish bo‘lib, kishi ushbu amalni qilish orqali ko‘plab fazilatlarga ega bo‘lish qatorida gunohlaridan ham forig‘ bo‘lar ekan. Endi bevosita “omin”ni maxfiy yoki jahriy aytish masalasiga kelsak. Avvalo maxfiy o‘qiladigan namozlarda to‘rt mazhab ulamolari ham “omin”ni maxfiy aytish lozim ekanligi borasida ittifoq qilishgan ular orasida bu borada biror kishi ixtilof qilmagan. Jahriy o‘qiladigan namozlarda esa hanafiy va molikiy mazhabi ulamolari hamda imom shofeiydan kelgan bir rivoyatda “omin” lafzi maxfiy holatda aytiladi deyishgan bo‘lsa, Imom Shofeiyning boshqa bir rivoyatida hamda hanbaliy mazhabida jahriy namozda imom ham unga ergashuvchilar ham jahriy aytadi deb aytishgan.

Quyida ominni maxfiy aytish borasidagi hanafiy va molikiylarning ba’zi bir dalillarini keltirib o‘tamiz:

Birinchi dalil Qur’oni karimdan bo‘lib, Alloh taolo A’rof surasi 55-oyatida aytadi:

ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعاً وَخُفْيَة

“Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling”.

Omin” so‘zi suryoniy tildan olingan bo‘lib keyinchalik arablashgan lug‘atlar turkumidan sanaladi. Uning arabiy iborada اللهم استجب دعائي ya’ni “Ey Robbim duoyimni ijobat ayla!”, degan manoni anglatadi. Ma’lum bo‘ldiki, omin duo ma’nosida ekan. Alloh taolo esa yuqoridagi oyatda duoni maxfiy qilishga buyurgan. Shunga binoan kishi uni namozda ham, namozdan tashqaridagi holatida ham maxfiy aytmog‘i lozim bo‘ladi. “Omin”ni aynan duo ma’nosida ekanligini Ato ibn Abi Rabohning: “Omin duodir”, deb aytgan so‘zi ham qo‘llab quvvatlaydi. Aziziy sahih sanad bilan keltirgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Birgina maxfiy qilingan duo jahriy qilingan duoning yetmishtasiga teng kelur”, deb aytgan bo’lsalar, Ibn Hibbon o‘zining sahih to‘plamida keltirgan hadisda esa: “Duoning eng afzali maxfiy qilinganidir”, deb aytganlar.

Ikkinchi dalil, Imom Buxoriy Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, Nabiy alayhissalom bir qavmning oldidan o‘tib qoldilar. Ular ovozlarini ko‘tarib duo qilishayotgan edi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam ularga: “Sizlar kar yoki g‘oibdagi Zotga duo qilmayapsiz! Siz duo qilayotgan Zot sizlarga qon tomiringizdan ham yaqinroq Zotdir!”, dеb aytganlar”.

Ushbu hadisda Nabiy alayhissalom ovoz chiqarib duo qilayotgan kishilarni koyib ushbu ishdan qaytarganlari balki, jon tomiridan ham yaqinroq bo‘lgan Zotga duo qilishda ovozni ko‘tarmaslikka ko‘rsatma berganlaridan bilish mumkinki, kishi duo qilishdahamda duo ma’nosidagi “omin” lafzini aytishda maxfiy holatda qilmog‘i lozim bo‘ladi.

Uchinchi dalil, Imom Doraqutniy o‘zlarining sunanlarida keltirgan hadisda A’mash rahimahulloh aytadi: “Abu Solih roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Imom “g‘oyril-mag‘dubi ‘alayhim va lad-dooolliiyyn” dеganda sizlar jim turinglar!”, deb aytganlar.

Yuqoridagi “omin”ni aytishga targ’ib qilingan hadislardan ergashuvchilar ham “omin” ni aytishlari lozim ekanligini tushungan bo’lsak, ushbu o’rindagi jim turishga bo’lgan buyruqdan uni maxfiy holatda ovoz chiqarmay aytish lozim ekanligi tushuniladi.

To‘rtinchi dalil, Abu Dovud rivoyat qilgan hadisdaHasan roziyallohu anhu aytadi: “Samura ibn Jundub bilan Imron ibn Husayn (muzokara qilib) eslashib
o‘tirishdi. Samura roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ikkita saktani (ya’ni biroz muddat ovoz chiqarmay turish holatini); takbiri tahrimani aytganda sakta qilishlarini va “g‘oyril mag‘zubi alayhim valazdoooolliin” ni o‘qishdan forig‘ bo‘lganlaridan keyin sakta qilganlarini yodlab qolganini aytdi. Imron ibn Husayn roziyallohu anhu buni inkor qildi. So‘ngra ikkovlari ushbu holat haqidaso‘rab Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhugaxat yozishdi. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ikkovlariga yozgan maktubida yoki ularga yozgan javobida: “Darhaqiqat Samura yodlab olibdi”, deyilgan edi”.

Demak Samura roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan takbiri tahrima va fotihadan keyin ovoz chiqarmay sanoni o‘qiganlari va “omin”ni ham maxfiy holatda aytganlari tushuniladi. Qolaversa mujtahid sahobalardan biri bo‘lmish Ubay ibn Ka’bning ham Samura roziyallohu anhuni qo‘llab quvvatlaganlari “omin” maxfiy holatda aytilishiga qo‘shimcha dalil bo‘ladi.

Beshinchi dalil, Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Bas, sizlar mеning sunnatimni va to‘g‘ri yo‘ldan borguvchi hamda to‘g‘ri yo‘lga solguvchi xalifalarning sunnatini o‘zingizga lozim tuting! Ularni mahkam ushlang va ularning (yo‘llarini) oziq tishlaringiz bilan “tishlab” oling!”, deb marhamat qilganlar.

Nabiy alayhissalomdan keyin yashab o‘tgan ummatning eng xayrli kishilari, to‘rt xalifa: Abubakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlar ham “omin”ni maxfiy aytganlar. Demak bizlar yuqoridagi hadisning mazmuniga har jabhada xossatan “omin”ni aytish borasida ham ushbu zotlarga ergashmog‘imiz, ularning yo‘llarini mahkam tutmog‘imiz lozim bo‘lar ekan.

Oltinchi dalil, Imom Tabaroniy Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Umar va Ali roziyallohu anhumolar bismillahir rohmanir rohimni, ta’avvuzni va ominni jahriy aytmas edilar”, deb keltirilgan.

Yettinchi dalil, Abdurazzoq o‘zining musannafida keltirgan rivoyatda hazrati Umar roziyallohu anhu: “To‘rt ish imomdan maxfiy bo‘ladi; ta’avvuz, bismillahir rohmanir rohim, “omin” va Allohumma Robbana va lakal hamd”, deb aytgan.

Imom Tabaroniydan keltirilgan yuqoridagi hadis bilan ushbu o‘tgan hadisni mustaqil holatda dalil sifatida qabul qilish ham yoki xulafoi roshidinlarni yo‘llarini mahkam tutish borasida keltirilgan hadisning davomi sifatidae’tiborga olsak ham bo‘ladi. Har ikki holatda ham imom va muqtadiy “omin” ni jahriy qilmasligi lozim ekanligi tushuniladi.

Sakkizinchi dalil, “omin” lafzi duo bo‘lishi bilan bir qatorda zikrlar majmuasi deb hisoblanadi. Ya’ni, u Qur’ondan emasligi borasida ulamolar ittifoq qilishgan. Shunga ko‘ra namozdagi huddi shunga o‘xshash oyatdan tashqari zikrlarning qay holatda aytilishiga qarasak sano, ta’avvuz, basmalalarning barchasi Qur’on bilan ular o‘rtasi ajrab turishi uchun maxfiy aytilar ekan. Shundan bilamizki, ”omin”ni ham huddi ular kabi maxfiy aytmoq lozim bo‘ladi…

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Omin”ni maxfiyaytish yuqorida o‘tgan dalillarning tafsilotlariga ko‘ra hukmning asli hisoblanadi. Qolaversa bugunlik kundagi ba’zi bir hanafiy mazhabi ulamolarini hukmlarga dalilsiz ergashadi deb da’vo qiluvchilarning so‘zlari qanchalar puch davo ekanligi,ular ushbu so‘zlarni aytishda qanchalar johil bo‘lganlarini bilish mumkin bo‘ladi. Agarda bizlar qilayotgan amallarimizning dalillaridan bexabar bo‘lgan holimizda unday toifadagi kimsalar fitnali so‘zlari ila murojat qilish holati kuzatilsa, “johilga sukut eng qattiq jazo” qabilida ularning so‘zlariga parvo qilmasligimiz, balki bu borada bizlarga ming yillardan buyon namuna bo‘lishda davomli bo‘lgan mazhab ulamolari va ularning izdoshlariga ergashmog‘imiz lozim bo‘ladi.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,
ustoz Asrorxon domla Mahmudov

. .