ISLOMDAGI BIRINCHI FITNA
Muallif: . .
Sana: 19.04.2024
44

Siyrat ulamolarning taʼkidlashicha Islomdagi birinchi fitna Hazrati Usmon roziyallohu anhu davriga toʻgʻri kelishini aytadilar. Birinchi fitna deb nomlanishiga sabab shuki, Rasululloh solallohu alayhi vasallamdan keyin ham turli fitnalar boʻlgan lekin ommaviy tus olmagan. Hazrati Usmon roziyallohu anhu davrida esa fitnalar qulfi sindirilgan edi. Voqeʼani qisqacha bayon qiladigan boʻlsak, bir kuni Hazrati usmon roʻza tutgan hollarida namozgohda Qurʼon oʻqib oʻtirgan edi. Nogahon fitnachilar qoʻllarida qurol bilan u zotning joniga qasd qilish niyyatida yashirincha orqalaridan kirib borishdi. Ulardan biri Usmon roziyallohu anhuga yaqinlashib qoʻlidagi zaharlangan pichoq bilan zarba berdi. Zarb kuchidan Hazrati Usmon roziyallohu anhu hushsiz boʻlib yerga yiqildi. Muborak qoni esa tilovat qilib turgan Qurʼon sahifasi ustiga sochildi. Karomatni koʻringki qon sochilgan joyi fitnagarlar haqidagi oyat edi. Oyatning mazmuni: “Alloh sizni ulardan tezda himoya etadi. Alloh eshituvchi va dono zotdir”.

Yana qurollangan shaxslardan biri Hazrati Usmon tomoniga yaqinlashib zarba bermoqchi boʻlgan edi ayoli noila u zotni himoya qilib ustiga tashlandi. Fitnachining keskir qilichi noilani qoʻl va barmoqlarini kesib yubordi. Fitnachilar Hazrati Usmonni oʻlganini bilgach, uylari va undagi narsalarni talon taroj qilishdi. Ular Allohdan qoʻrqmadilar. Qurʼoni karimni ham hurmat qilmadilar va urush harom qilingan zulhijja oyini ham eʼtiborga olmadilar. Zero, bu ayanchli voqeʼa hijriy 35 yil, 8-zulhijjada sodir boʻlgan edi. Demak fitna boshlanganida hurmatga sazovor muqaddas narsalarning hech qanday hurmati qolmas ekan. Demak yuqoridagi voqeʼadan xulosa qiladigan boʻlsak fitnalar jamiyatni parokanda qilib, odamlar orasida turli nizolarga sabab boʻlar ekan. Oxir oqibat bu ziddiyatlar qon toʻkilishi bilan yakun topar ekan.

Alloh taolo barchamizni hidoyatidan adashtirmasin. Amin.

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi
Madaminzoda Abdulatif Baxtiyorjon o`gʻli tayyorladi.

. .