ILM FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 01.05.2024
117

Bismillahir rohmanir rohiym.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam: Har bir musulmon erkak va ayolga ilm talab qilish farzdir deb marhamat qilganlar. Ma’lumki har bir ishning ilmini bilish, uni oxiriga yetkazish va mukammal ado etishga asosiy omil bo‘ladi. Mashoyihlarimiz – “Ilmning afzali hol ilmini bilmoqdur” deb ta’kidlaganlar. Bundan hamma ilmlarni o‘rganish farz bo‘lmasligini tushinish mumkin. Balki hozir bajarilishi lozim bo‘lgan amalning ilmini bilmog‘i insonga lozim bo‘ladi.

Amalning afzali esa, xato va nuqsonlardan muhofazalangandir. Bu muhofazani ilm bilan hosil bo‘lishi aqli raso kishiga sir emas. Demak, bir kishi namoz o‘qimoqni ixtiyor qilsa, unga namozga oid bo‘lgan bo‘lgan barcha ilmlarni bilmog‘i zarur bo‘ladi. Mashoyixlarimiz aytadilar: Kim ilmga xizmat qilsa, ilm unga barchani xizmatchi qilib qo‘yadi. Haqiqatda esa, bu ilm shartlaridan biridir, tolibi ilmning yana bir zaruriy vazifalaridan biri, ilmning nozik ahamiyat talab o‘rinlarini doim o‘ylab, fikr yuritishni odat qilishidir.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Hikmat mo‘minning yo‘qotgan kerakli narsasidir. Uni qayerda topsa darhol oladi, qabul qiladi” deganlar. Shu muborak hadis hukmi talaba uchun hayotiy shiordir. Uni hayotiga tatbiq qilmog‘i zarurligi va foyda talabida davomli bo‘lishi hamda fazilati, usullari haqida so‘z yuritamiz. Shubhasiz ulug‘ niyatlik talaba foyda talabini hamma har vaqtda har joyda qilishi shart.

Adibul Muhtor nomi bilan mashhur zot aytadilar: Hilol ibnu Yasor roziyollohu anhu: Rasululloh salollohu alayhi va sallam sahobai ikromlarga bir narsa deb turganlarini ko‘rgan ekanlar. Shunda :

  • -Ya Rasululloh! Jonim sizga fido bo‘lsin!
  • -Hozirgi sahobai ikromlarga aytgan aytgan hikmatli so‘zlaringizni menga ham aytib bering! - dedi.
    Rasululloh salollohu alyhi va sallam :
  • -Ey Hilol! Yoningda siyohdoning bormi?- dedilar
  • -Siyohdonim yo‘q – dedi Hilol roziyallohu anhu.
  • -Ey Hilol! Zinhor siyohdondan ajralma! Hayrning ko‘pi qalamda va qalam ahllaridadir .Ular qiyomatgacha fazilat sohibi bo‘lishda bardavomlidir – dedilar .

Shayxulislom, Sadri Shahid Hisomiddin rahmatullohi alayhning o‘g‘illari Shamsiddinga har kuni ilmu hikmatdan biron yengil narsani yod olib borishni buyurgan ekanlar. Chunki bu ish yengil va osondir. Tez kunlarda ular to‘planadi. Umr ham zoye’ ketmaydi. Hazrati Asom ibn Yusuf rahmatullohi alayh bir dinorga qalam sotib olgan ekanlar. Bir dinor juda kata pul hisoblanadi. U zotning asosiy maqsadlari eshitgan zaruriy narsalarni darhol yozib olsih edi. Zero umr qisqa, ilm esa ko‘p, umr tugaydi, ilm esa aslo tugamaydi. Umrning o‘tib borayotgani sari insoniyatning zehni ham fikrlashi ham zaiflasha boraveradi, ammo Alloh taolodan berilgan ulug‘ ne’mat yoshlik ne’matini ilm olishga va jiddu jahd qilishga sarf qilish kerak, zero “Yoshlikda olingan ilm – toshga o‘yilgan naqd kabi” degan naql bejizga aytilmagan.

Hazrati Ali roziyallohu anhu: “Agar bir ishni bajarishga bel bog‘lasang, ishni oxiriga yetkaz! Oxiriga yetkazishgdan bosh tortma!” deganlar. Bu zotning bu hikmatli so‘zlaridan shundy xulosa chiqarish kerakki: Albatta ilm olishga kirishgan har qanday inson toki Alloh uni rizqini qirqib qo‘yguniga qadar ilm olishda bardavom bo‘laverishi zarur. Agar inson havoi nafsiga ergashaversa ilm olish u yoqda tursin hattoki o‘ziga ham e’tiborsiz bo‘lib, qolib sog‘ligiga, ahliga e’tiborsiz bo‘lib qolishi mumkin. Ilm olishga kirishgan inson har qanday qiyinchiliklarga bardosh berib, harakatdan to‘xtamasligi lozim, zero ilm bu najot hisoblanadi. Har qanday vaziyatda ilm olishda bel bog‘lagan tolibi ilm halqumiga ham e’tibor qartishi lozim bo’ladi…

Avvalo, haddan tashqari ziyoda to‘yib ovqatlanishdan, ko‘p uxlashdan, behuda gaplardan ham saqlanishi kerak. Bekorchi so‘zlar va ishlar ham insonni haybatini va qadrini tushirib yuboradi, shuningdek ilm olishda ham zehnini susaytirib hattoki ilm yuqmaydigan qilib ham qo‘yishi mumkin. Chunki Alloh taolo:

…Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajasini ko‘taradur… deb Mujodala surasining 11-oyatida marhamat qiladi.

Alloh taolo bu oyatda ilmning darajasini hamda ilm talabida yurgan insonni darajasini qanchalik ulug‘ ekanligini bildirmoqda. Ilm olish esa osonlik bilan erishilmaydi, Muhammad Avvoma hafizahulloh “Maolimul irshodiyya” kitoblarida shunda jumlani keltiradi:.

-Ilmga jasadning rohati bilan yetishilmaydi.

Ya’ni lazzat ila olingan ilmda kamchiliklar kuzatiladi. Ammo qiyinchilik bilan yetishilgan har qanday narsa doim qadrlanadi, nafaqat ilmda balki narsa buyumlarda ham bu holat kuzatiladi.

Hazrati Muhamad ibnu Hasan kechalari uxlamasdilar. Atroflariga kitob va daftarlarini qo‘yib olardilar, biridan zeriksa boshqasini olardilar, yonlarida doim suv turar edi, yuzlariga suv sepib uyqularini qochirar edilar, “Uyqu issiqlikdan keladi” der edilar. Hazrat ibnu Abbos roziyallohu anhu zeriksalar yoki charchasalar:

-“She’rlar devonini keltiringlar- der edilar.

Bundan ko‘rinib turibdiki u zot charchagan vaqtida ham she’riyat bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Biz hozirgi zamonda biroz oz olgan ilmimizdan faxrlanib ko‘p vaqtimizni behuda narsalar bilan o‘tkazishni o‘zimizga odat qilib olganmiz. Uyali aloqa telefoni, telivezor, bekorchilik ustiga qurilgan suhbat bizni ma’naviy o‘g‘rilarimiz bo‘lib qoldi. Ming marotaba aytilsada ogohlantirilsada bu odat insonni qon-qoniga singib ketgan bu illatdan inson, bemor o‘lib yoki tanasi ishlamay qolgan holatda bo‘lsa, yoki va yoki inson vafot topishi bilan bu illatdan qutilishi mumkin. Chunki inson havoi- nafsi hoxishiga qarshi borishi juda ham katta mummo fojea bo‘lib qoldi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak inson ilm olish niyati bo‘lsa doim ham nafsiga quloq solmasligi lozim, qilayotgan har bir xayrli ishni Alloh uchun, oxirati uchun qilishi kerak, yonidagi insonlar telefon bilan dam olish bilan mashg‘ul bo‘lganini ko‘rsa falonchi ham o‘zini qiynagani yo‘qku deb o‘zini boshqa bilan teng ko‘rgan kuni o‘zini ma’naviy halok qilishga olib boradigan birinchi qadami bo‘ladi.

Alloh barchamizga ilmga, ma’rifatga bo‘lgan muhabbatimizni himmatimizni cheksiz qilsin.

Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh!

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Iskandar Shamsiddinov
. .