Yuksak ilm sohibasi Oishai Siddiqa
Muallif: . .
Sana: 02.05.2024
572

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) hazrati Abu Bakr Siddiqning qizi Oishaga hijratning ikkinchi yilida uylandilar. Payg‘ambarimiz xotinlari ichida yagona bokira qiz Oisha edi. U Rasulullohning xotinlari orasida eng sevimlisi, Payg‘ambar sunnatlarini eng ko‘p biluvchi, hadislarini eng ko‘p yod olgan va eng zakovatlisi edi.

Oisha onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning yonlarida bo‘lishlari bilan birga, o‘tkir zehinli, kuchli hofizali, yuksak farosatli va ilmga o‘ch edilar. U kishi Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan turli masalarni so‘rab charchamas edilar.

Oisha onamiz Quroni karimni to‘liq va puxta yod bilganlari bilan shuxrat topgan edilar. Ummul Qur’on nomi ila mutahasislar birinchi bo‘lib, Qur’oni karimni to‘liq yod olagan zotlar haqida so‘z yuritganlarida Oisha onamizning ismlarni daslabkilardan yod olishadi.

Shu bilan bir qatorda, Oisha onamiz roziyal­lohu anho Qur’oni Karimning tafsirini ham juda yaxshi bilganlar. U kishining oyati karimalarni tafsir qilishlariga misol keltiraylik.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

“Alloh taolo: Agar bir ayol o‘z eridan pisand qilmaslik va yuz o‘girish sodir bo‘lishidan qo‘rqsa, degan.

Bu oyat haqida Oisha:

“Bu bir xotin eri bilan bo‘lishi, er unga qaramay qo‘yishi, uni taloq qilib boshqaga uylanishni istaganda, ayol unga, meni o‘zing bilan olib qol, taloq qilma, so‘ngra mendan boshqaga uylanaver, nafaqa va taqsimni nima qilsang o‘zing bilasan, deyishi haqidadir.

Ana o‘sha to‘g‘risida Alloh taolo:

Ikkovlari o‘zaro sulh qilsalar, ularga gunoh yo‘qdir, sulh yaxshidir, degan”, dedi”.

Agar xotin kishi o‘z ixtiyori ila o‘zining eridagi ba’zi huquqlaridan voz kechsa joizligi, u haqlarni ado etmagani uchun er gunohkor bo‘lmasligi Qur’oni Karimda bayon etilgan ekan. Oisha onamiz o‘sha oyati karimani ushbu rivoyatda tushuntirib bermoqdalar.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda aytiladi:

“Oisha roziyallohu anhodan Alloh taoloning:

“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz tufayli muoxaza qilmaydi”, degan qavli haqida rivoyat qilinadi:

“Bu oyat birovning “Yo‘q! Vallohi! va “Ha! Vallohi! kabi gapi haqida nozil qilingan”.

Oisha onamiz o‘qish va yozishni biladigan nodir kishilardan edilar. O‘sha vaqtda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalaridan kim o‘qish va yozishni bilsa, komil degan unvon berilar edi.

Ko‘plab mashhur sahoba erkaklar o‘zlari hal qila olmagan masalalarni hal qilib berishni Oisha onamizdan so‘rashar edi.

Abu Muso (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning sahobalariga qay bir hadis ishkol bo‘lib qolsa Oishadan so‘rasak, albatta, uning huzurida ilmni topar edik”, dedi”.

Oisha onamiz tafsir, hadis, fiqh, arab tarixi va adabiyotdan hamda o‘sha vaqtda mavjud ko‘plab ilmlardan yaxshi voqif edilar.

Ulamolar aytadilar: “Shariat hukmlarining to‘rtdan biri Oisha roziyallohu anhudan o‘rganilgan”.

Ulamolarimiz sahobalardan yetti kishi fatvo bilan nom chiqarganlar ular: Oisha onamiz, Umar ibn Xattob, Abdulloh ibn Umar, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masud va Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) ekanni alohida ta’kidlashgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning sunnatlariga kelsak, Oisha onamiz hadislarni ko‘p rivoyat qilishda ikkinchi o‘rinda turadilar.

Oisha onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan 2210 ta hadis rivoyat qilganlar va Abu Hurayradan so‘ng turadilar.

Oisha onamizdan ashob va tobeinlardan ko‘plar hadis naql etishgan. Ahmad ibn Hanbalning “Musnad” larida bunday hadislardan 2258 sahifa o‘tgan.

Oisha onamiz otalari Abu Bakr Siddiq, Umar, Sa’d ibn Vaqqos, Usayd ibn Husayr va boshqalardan ham rivoyat qiladilar. Ammo Oisha onamizdan aksar sahobalar ko‘plab hadis rivoyat qilishgan. SHulardan Abu Hurayra, Abu Muso al – Ashariy, Zayd ibn Holid al – Juhaliy va Sofiya binti Sayrin va boshqalarni aytishimiz mumkin.

Tobe’inlardan ikki yuzga yaqin kishi Oisha onamizdan hadis rivoyat qilishgan. Shulardan Sa’id ibn al-Musayyib, Alqama ibn Qays, Masruq ibn Ajda’, Oisha binti Talha, Amra binti Abdurahmon, Hamsa binti Siyrin va boshqalarni aytishimiz mumkin.

Oisha onamiz ko‘pgina nodir fazilatlarga ega edilar. Oisha onamiz tilni, sherni, tib ilmni, nasablar va urush tarixlarni yaxshi bilar edilar.

Imom Masruq ibn al-Ajda’ Oisha onamiz roziyallohu anhodan eng ko‘p rivoyat qilgan kishilardan hisoblanadi. U kishidan:

“Oisha meros ilmini yaxshi bilarmidi?” deb so‘ralganda u kishi:

Allohga qasamki, Muhammad solallohu alayhi vasallamning katta sahobalarini Oishadan me­ros haqida so‘rayotganlarini ko‘rganman, degan”.

“Siyaru A’lomun Nubalaa” kitobida Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Oishaga hamsuhbat bo‘ldim. Hech ham u kishiga o‘xshagan nozil bo‘lgan oyatni, merosni, sunnatni, she’rni, rivoyatni, arablarning kunlarini, nasablarini, hukmlarni, tibni biladigan odamni ko‘rmadim. Men undan:

Xolajon, tibni qayerdan o‘rgangansiz? deb so‘radim.

Bemor bo‘lsam, menga dorilar vasf qilinar edi. Birov bemor bo‘lsa, unga ham dorilar vasf qilinar edi. Odamlarning bir-birlariga qilayotgan vasflarini eshitib, yodlab olar edim, dedi”.

Bundan Oisha onamizning ziyrak, o‘tkir zehinli, ilmga o‘ch va tib ilmidan ham habardor ekanligi bilinadi.

Az-Zuhriy Oisha onamiz haqlarida aytadilar: “Agar Rasulullohning barcha ayollarning ilmlarni to‘plab turib, Oisha onamizning ilmga solishtirilsa, albatta Oisha onamizning ilmni afzaldir”.

Ato ibn Abu Raboh aytadilar:Oisha roziyallohu anho odamlarning faqihi, eng bilimdoni va rayi eng togrisi edi”.

Abu Zanod aytadi: “Oisha onamiz biror narsa haqida gapirmoqchi bo’lsalar, albatta bayt oqib berar edilar”.

Oisha onamizning ilmlari toʻgʻrisida Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Tib fanida, sheʼriyatda va fiqh ilmida Oishadan ilmliroq biror kishini koʻrmadim”.

Abu Zanod aytadi: “Oisha onamiz biror narsa haqida gapirmoqchi bolsalar, albatta bayt oqib berar edilar”.

Bu rivoyatdan Oisha onamizning qanchalar sheʼriyatda mohir ekanligi bilinadi.

Belozuriy “Ansobul Ashrof” nomli kitobida Abdurrohman ibn Qosimdan, u kishi otasidan quyidagilarni rivoyat qiladi:

“Oisha roziyallohu anho Abu Bakr Umar va Usmonning xalifalik davrida fatvo ila mashg‘ul bo‘lgan edi. U vafot etguncha shu holda davom etdi. Men uni lozim tutganlardan edim.

Oisha onamiz ahyon-ahyonda yolg‘iz o‘zlari ba’zi bir masalalarni hal etar va o‘zlariga xos ijtihod qilar edilar. Gohida u kishi ulamo sahobalar bilmay qolgan masalalarni ham hal etib berar edilar.

Hatto az-Zarkashiy shu ma’noda kitob yozdi va uni “Oishaning sahobalar bilmaganini idrok etgan javoblari” deb nomladi. Muslim va Nasaiy Shurayh ibn Hone’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

Oishadan maxsiga mash tortish haqida so‘radim. U kishi:

Sen Ibn Abu Tolibdan so‘ra, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safar qilar edi, dedilar.

Bas, undan so‘ragan edik:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musofir uchun uch kechayu uch kunduz, muqim uchun bir kechayu, bir kunduz qilganlar”, dedi.

Bu javobdan, eng avvalo Oisha onamizning omonatlari, insoflari va ilmiy omonatga xiyonat qilmasliklari zohir bo‘lmoda. U kishi o‘zla­ri aniq bilmagan narsaga javob berishni o‘zla­riga ep ko‘rmaganlar. So‘rovchini o‘sha masalani yaxshi biladigan kishi — hazrati Aliga yo‘llab qo‘yganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho ilmning cheksiz ummoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilmlaridan suv ichganlar. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ilm dengizi bo‘lishi uchun faqat ummon yonida bo‘lish yoki undan suv ichishning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki o‘sha ilmni qabul qilib olib, uni dengizga aylantirish qobiliyati ham bo‘lishi zarur. Oisha onamiz roziyallohu anhoda ana o‘sha shartlarning hammasi mavjud edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida keltirilgan ma’lumotlar ul zotni ilm darajalarini to‘liq bayon qilishga kamlik qiladi. Ammo bugingi kunimizda onamiz ta’riflangan sifatlardan biror sifatga ega bo‘lgan ayol topilsa, albatta zamonamiz ham imom Buhoriy, imom Termiziy, imom Moturudiy kabi allomalarni ko‘rajak.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ashurali Xolmatov
. .