بسم الله الرحمان الرحيم
Inson zotini ilm bilan barcha maxluqotlardan afzal qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo‘lsin! Alloh taolo bergan ilmni bizlarga mukammal tarzda yetkazgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom va ahli oilalariga, sahobai kiromlariga hamda ularga ergashgan ilm ahillariga, barcha mo‘minlarga Alloh taoloning salomi, rahmati, barokati yor bo‘lsin!
Alloh taolo: “Albatta, Allohdan bandalari ichida faqat olimlarigina qo‘rqarlar”,- degan. Oyatda Allohdan qo‘rqib, Uni ulug‘lash faqat ilmli kishilar tomonidangina sodir bo‘lishi ta’kidlanmokda. Tajriba bu Qur’oniy haqiqatni tasdiqladi. Turli ilmlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan adolatli olimlar Allohni tanishlarini, iymon-e’tiqodsiz yashash mumkin emas degan fikrga kelganlarini qayta-qayta aytmoqdalar. Har bir ilm Allohnikidir va o‘z egasini, xoh diniy bo‘lsin, xoh dunyoviy bo‘lsin alloh taologa olib boradi.
Masalan 7 nafar yapon olimi, qarishni kechiktirish uchun ilmiy izlanish olib borgan va Islomni qabul qilib musulmon bo‘lganlar. Nega musulmon bo‘lganliklarini quyidagicha bayon qildilar: “Olib borilgan ilmiy izlanishlarimiz natijasida, “tabiiy yo‘l” bilan qarishni kechiktirish uchun zaytun va anjirdan foydalanish kerakligini aniqladik. Biz sinab ko‘rgan bir nechta sinovlarda ko‘rindiki, 7 ta zaytun, 1 ta anjirdan tayyorlangan kremlarimiz haqiqatda qarishni kechiktirganiga guvoh bo‘ldik. Qur’oni Karimda ham zaytun bilan anjirning yoshlikka foydasi borligi yozilgan ekan. Bundan tashqari, Qur’onda 7 marta zaytun, 1 marta anjir so‘zi zikr qilingan ekan. Bu narsa tasodif emasligini bilib Islomni tanladik. Bizni boshqaryotgan yaratuvchi borligini his qildik. Biz U borliqqa Alloh, deymiz.”
Alloh taolo: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladilarmi?” degan. Albatta, teng bo‘lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar. Bilmaydiganlar kufr keltirib, isyon etadilar. Oyatda biladiganlar bilan bilmaydiganlar, ya’ni ilmlilar bilan ilmsizlar teng bo‘la olmasliklari haqida so‘z ketmokda. Ilmli doimo ustun turishi va fazilatli hisoblanishi, ilmsizda esa bu narsalar bo‘lmasligiga ishora qilinmoqda.
Alloh taolo: “Bu misollarni odamlarga keltiramiz, ulardan faqat olimlarnigina aqli etar”, degan. Bu oyatda esa, keltiriladigan masalalarni anglab, ulardan o‘rnak olish uchun ham ilm zarurligi ta’kidlanmoqda. Bu ham ilmni va olimni ulug‘lashdir.
Ushbu uch oyatda ilmva ulamolar fazli haqida so‘z ketmokda. Ilm – bu, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladigan nurdir. Imom jaloliddin As-Suyutiy rohmatullohi alayh“Lubbobul hadis” kitobining birinchi bobida ilm va ulamolarning fazilati haqida oʻn hadisni yozganlar. Shulardan ba‘zilarini keltiramiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Olimlarni ulug‘langlar, chunki ular Allohning nazarida tanlangan, (farishtalarning nazdida) hurmat qilingan ulug‘ zotlardir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. “Kim bir olimning yuziga qarab xursand bo‘lsa, Alloh taolo ana shu qarashi sababidan qiyomat kunigacha, u uchun, istig‘for aytadigan farishtani yaratadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. “Olimning (ya’ni ilm odobini saqlaydigan taqvodorning) uyqusi, (ibodat odobiga e’tibor bermaydigan) johilning ibodatidan yaxshiroqdir”, dedilar.
Mo‘min-musulmonlarning dunyo va oxirati uchun foydali ilm hosil qilgan va odamlarning hayotiga diyonat, salomatlik va qulaylik olib kirgan kishilarga katta savoblar va’da qilingan. Ilm o‘rgatish, ilm o‘rganish, olimlarga muhabbatli bo‘lish, ularga quloq tutishning savobli ish ekani, aksincha ilm ma’rifatdan qochish odamning halokatiga sabab bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallalloxu alayhi vasallam shunday deydilar:
كن عالما أو متعلما أو مستمعا أو مجبا ، ولا تكن الخامس فتهلك.
Ya’ni: “Olim bo‘ling, yo ilm oluvchi bo‘ling, yo quloq soluvchi bo‘ling, yo ilm ahlini yaxshi ko‘ruvchi bo'ling. Beshinchisi bo‘lmangki, halok bo‘lasiz”.
Ilm fanni chuqur o‘rganib olim bo‘lish, yaxshilikni o‘zgalarga o‘rgatish, bilimini odamlarning foydasiga ishlatish katta fazilat. Ulamolar payg‘ambarlarning vorislari va ulardan keyingi darajada turuvchilardir. Hadisi sharifda ulamolarni payg'ambarlarning merosxo'rlari deb ta'riflanadi:
وإن العالم ليستغفر له من في السموات ومن في الأرض والحيتان في جوف الماء ، وإن فضل العالم على العابد كفضل
القمر ليلة البدر على سائر الكواكب ، وإن العلماء ورثة الأنبياء ، وإن الأنبياء لم يورثوا دينارا ولا درهما إنما ورثوا العلم فمن أخذه أخذ بحظ وافر.
Ya’ni: “...Albatta, olimga osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi to‘lin oyning boshqa yulduzlardan ustunligiga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim uni olsa, ulug‘ nasibani olibdi”. Ilm egasi bo`lgan ulamolarni, payg‘ambarlarning merosxo‘ri va ulardan keying darajada turishida dalolat qiluvchi hadislar ham vorid bo‘lgan.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh aytganlar: “Tushimda menga bir idishda sut keltirildi, qongunimcha ichdim, hatto tirnoqlarim ostidan sut chiqqanini koʻrdim, soʻng qolganini Umar ibn Xattobga berdim". Sahobalar so‘radilar: “Yo Rasululloh, sutni nimaga yoʻydingiz?”. “Ilmga”,- dedilar
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Agar mendan keyin payg‘ambar kelganida Umar payg‘ambar bo‘lar edi”- deganlar. Demak ilm olib unga amal qilgan ulamolar ham payg‘ambarlarning ilmiga merosxo‘r bo‘ladilar. Hadisi sharifda Alloh taolo yaxshilikni iroda qilgan zotlarga, ilm ato qilinishi bayon qilinadi:
« من يرد الله به خيراً يفقهه في الدين » . متفق عليه
Ya’ni: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”. (Muttafaqun alayh). Shuningdek, ilmni meros olgan kishi barcha yaxshilikni qo‘lga kiritibdi, zero ulamolar oyati karimadagi“ربنا آتنا في الدنيا حسنة وفي الآخرة حسنة ”bu dunyodagi “yaxshilik”ni ilm va ibodat deb tafsir qilganlar. Alloh taolo ilm sababli ulamolarni oliy qilib, yaxshilik amallarga yo‘lboshlovchi qiladi. Farishtalar, jamiki hayvonlar, parrandalar, dengizdagi baliqlar xattoki hoʻl-quruq narsalar borki barcha-barchasi olimning ilmi sababli unga istigʻfor aytadi. Bir necha oyat va hadislardan ilmning va ilm ahllarining qanchalik darajalari yuqori ekanini, hattoki, gunohlardan doimo pok boʻlib, Alloh taoloning zikri bilan band boʻlgan va Alloh taolodan boshqa tashvishlari boʻlmagan farishtalar ham, endigina ilm ostonasiga qadam qoʻygan ilm toliblarining oyoqlari ostiga pok qanotlarini yoyarlar. Ma shaa Alloh. Ilm qalblarning hayoti va koʻzlarimizning nuridir. Alloh taolo barchalarimizni oyat va hadislarda keltirilgan ilm ahillardan boʻlib, Allohning rahmatiga noil boʻlishimizni nasib aylasin!
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Muhammadjon To‘xtanazarov