ILM FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 14.05.2024
366

Ilm insonning najot kaliti, u bilan inson najotga, ya’ni, Allohning rizosiga erishadi. Ibn Solih ilm so‘zini quyidagicha ta’riflaganlar:

العلم هو إدراك الشيء على ما هو عليه إدراكا جازما

Ilm — bir narsani qanday bo‘lsa shundayligicha o‘zining haqiqatlari bilan mukammal tushunishlikdir.[1]

Imom Moturudiy rohimahulloh aytadilar: “Ko‘rishlik inson ko‘zlarining sifati bo‘lgani kabi, ilm ham insonning qalbida o‘rnashgan sifatidir. Qalbda hosil bo‘lgan ilm orqali narsalarning haqiqati zohir bo‘ladi”.

Inson ko‘zlari bilan ochiq-oydin, zohir bo‘lib turgan narsalarni ko‘radi. Lekin qalb ko‘zi bilan, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmas ma’naviy narsalarni ko‘rib biladi. Qalb ko‘zi esa ilm hisoblanadi. Shuning uchun ham insonning farosati, tafakkuri, aql-idroki kabi ilm olishlik bilan hosil bo‘ladigan sifatlar oltinga tenglashtirilgandir.

Alloh taologa ilm sifati nisbat beriladi, chunki U zot barcha narsalarni mukammal biluvchi Zotdir. Shuning uchun ilm komillik sifatlaridan hisoblanadi. Kimki ilm olishda bardavom bo‘laversa, komilligi oshaveradi.

Ilm insonning komillik sifati dedik, chunki ilm, solih amallarga chorlaydi, amal esa (agar xolis bo‘lsa), Allohning rizosiga, Uning rizosiga erishgan kishi esa ikki dunyoda saodatmand bo‘ladi. Ya’ni ilm insonni tarbiyalaydi shuning uchun kamolot sifati hisoblanadi.

Ilm ikki xil bo‘ladi: tabi’iy va kasbiy. Tabi’iy ilm bu hech qanday izlanishlarsiz Alloh taolo bildirib qo‘ygan ilm hisoblanadi, bunga farishtalarning ilmi misol bo‘ladi. Kasbiy ilm esa izlanishlik, kasb qilish bilan hosil bo‘ladigan ilmdir, bunga insonlarning ilmi misol bo‘ladi. Kasb qilish yo‘li orqali hosil bo‘lgan ilm avlo hisoblanadi.

Har qachoniki ilm mavzusida so‘z borganda, Odam alayhissalomning ilmi u kishini farishtalar orasida mukarram bo‘lishga sababchi bo‘lganligini yodga olaman.

Alloh taolo aytadi:

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ

Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: “Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman”, dedi. Ular(farishtalar): ”Unda fasod qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilmoqchimisan? Va holbuki, biz Senga tasbih, hamd aytib va Seni ulug‘lab turibmiz”, dedilar. U(Alloh): “Men siz bilmaganni bilaman”, dedi. (Baqara surasi 30-oyat)

Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo farishtalarning ilmini chegaralab qo‘ydi. Ya’ni farishtalar Alloh taoloning yer yuziga xalifa yuborishining hikmatlarini bilmas edilar. Va keyingi oyatda Alloh taolo Odam alayhissalomga ilm berganligini aytadi. Shunda Alloh taolo farishtalardan ba’zi narsalarning ismi haqida so‘raganda, aytishadiki:

قَالُوا سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَا إِلَّا مَا عَلَّمْتَنَا إِنَّكَ أَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ

Ey pok Parvardigor! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sening O‘zing biluvchisan va hikmatli zotsan”, dedilar.[2]

So‘ng Odam alayhissalomdan ushbu narsalarning ismi haqida so‘raganda, u kishi hammasining ismlarini birma-bir aytdilar. Shunda Alloh taolo go‘yoki Odam alayhissalomning ilmi ustunligini bildirish maqsadida farishtalarga sajda qilishlikni buyurdi.

وَإِذْ قُلْنَا لِلْمَلَائِكَةِ اسْجُدُوا لِآدَمَ فَسَجَدُوا

Esla, farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar!” deganimizni. Bas, sajda qildilar…[3]

Savol tug‘iladi: Alloh taolo farishtalarga ilmni O‘zi berganidek, Odam alayhissalomga ham O‘zi berdiku, nimaga Odam alayhissalomning ilmi ustun keldi?

Javoban aytamizki: Odam alayhissalomga ilm bilan birga izlanishlik, fikrlash, kashf qilish kabi ilmga tobe bo‘lgan sifatlarni ham Alloh taolo in’om qilgan edi.

Alloh taolo Odam alayhissalomning ilmi sababidan mukarram qilib qo‘yganligi, butun bashariyatga ishora bo‘ladiki, insonlarning eng karamlilari ularning ahli ilm bo‘lganlaridir. Maloikalarni sajda qildirgani kabi, sohibi ilmlarga ham ko‘p narsalarni bo‘ysundirib qo‘yadi.

Ilmning fazilati benihoyadir. Imom al-Buxoriy o‘zlarining “Sahihul Buxoriy” kitobining ilm mavzusiga, quyidagi oyat bilan kirishganlar:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarni darajalarga ko‘taradir. Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir.[4]

Ushbu oyatdan oladigan birinchi foyda: ilm iymon bilan birga zikr qilindi. Ya’ni, ilm buyuk ne’mat bo‘lgan iymon darajasiga tenglashtirildi.

Ikkinchi foyda: ularni Alloh taolo darajalarga ko‘tarishini aytdi. Ya’ni, har qachoniki ularning iymoni yoki ilmi ziyoda bo‘lganda, Alloh taolo ularni darajalarga ko‘tarib turadi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak payg‘ambarlardan doimo ilm meros bo‘lib kelgan, merosxo‘rlari esa olimlardir.

Alhamdulillah ko‘pchiligimiz ilm safarini boshlab qo‘yganmiz, lekin, olayotgan ilmimizning muhofazasi uchun nima ish qilishimiz kerak?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda Qur’on oyatlarini esdan chiqarish xavfi bo‘lganda Alloh taolo u kishiga xitoban aytdi:

وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا

“Robbim, ilmimni ziyoda qilgin”, deb ayt.[5]

Demak ushbu duoni ilmga kirishgan har bir kishi, ilmining muhofazasi uchun aytib yurishi lozimdir.

Ilmni ulug‘ ne’mat, kamolot sifati, najotga eltuvchi vosita ekanligini bilib oldik. Lekin barcha ilmlar ham shundaymi, har qanday ilm bizni najotga yetaklay oladimi? Yo‘q albatta.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertlablari qiladigan bir duolari bor:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ عِلْمًا نَافِعًا، وَرِزْقًا طَيِّبًا، وَعَمَلًا مُتَقَبَّلًا

Allohim! Men sendan manfaatli ilmni, yaxshi(halol) rizqni va qabul bo‘ladigan amalni so‘rayman.[6]

Ushbu duoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch narsa so‘rayaptilar. Payg‘ambarimizning har bir amallarida katta-katta hikmatlar mavjud.

— Duodagi ketma-ketlikka e’tibor beraylik, birinchi so‘ralayotgan narsa bu ilmdir. Rizqning yaxshi yoki yomonligini, solih yoki solih bo‘lmagan amallarni ajrata olish uchun, kishiga birinchi navbatda albatta ilm kerak, shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm so‘rashdan boshladilar;

— Duodagi عِلْمًا نَافِعًا (manfaatli ilm) jumlasi, ilm ikki xil bo‘lishiga dalolat qiladi. Manfaatli va manfaatsiz ilmga.

Manfaatli ilmni ham ikki qism deb oladigan bo‘lsak, birinchisi, uxroviy ilmlar, ya’ni, oxiratimiz uchun foydali bo‘lgan ilmlar, ikkinchisi, dunyoviy ilmlar, ya’ni, hayotimiz uchun foydali bo‘lgan ilmlar. Alloh taolo bularning ikkalasi ham ibodat maqomida bo‘ganligi sabab ajrlar in’om qiladi. Lekin, oxiratimizga va dunyoimizga foyda keltirmaydigan ilmni o‘rganadigan bo‘lsak, vaqtimizni behuda sarflagan bo‘lamiz.

Ilmning fazilatlari borasida oyatu-hadislar bisyor. Hozircha shular bilan cheklanib qoldim. Alloh taolo bilganlarimizga amal qilishlikka muyassar qilsin!

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Kasimov Farrux



[1] Muhammad ibn Solih Asimin “شرح ثلاثة الأصول” kitobi 18 b.

[2] Baqara surasi 32-oyat

[3] Baqara surasi 34-oyat

[4] Mujodala surasi 11-oyat

[5] Toha surasi 114-oyat

[6] Ibn Moja namoz kitobi 925-raqam

. .