
Parvardigorimiz Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollollohu alayhi vasallamga, u zotning ahli-oilalariga, sahobalariga va ulaga qiyomatgacha go‘zal suratda ergashganlarga salovotu salomlar bo‘lsin.
Albatta, ilm insonni yuksak mavqe’larga, baland darajalarga olib chiquvchi vositadir. Ilm- bu dunyoning poydevori. Insonlarga haq yõldan yurishni, oqni qoradan ajratishni õrgatuvchi bir mayoqdir. Undan keyingi ikkinchi muhim ish bu ibodatdir. Ilm va ibodat bu dunyoda erishish kerak bo‘lgan narsalarning eng afzalidir. Chunki, ilmi bo‘lmagan kimsaning ibodati ham bo‘lmaydi. Ilm olish deganda faqatgina diniy ilmlarni tushinibgina qolmay dunyoviy ilmlarni ham tushinishimiz lozim. Chunki, har bir ilmning orqasida Alloh taoloning cheksiz kuch-qudrati bordir. Ilm olish yo‘liga chiqqan obidning oyoqlari ostiga farishtalar qanotlarini poyandoz qiladilar. Chunki, ilm olish uchun otlangan kishi Allohning jannati sari otlangan kimsa hisoblanadi va unga farishtalar hamrohlik qiladilar.
Alloh taolo o‘zining kalomida shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur”.(Mujodala surasi, 11-oyat)
Yana bir oyati karimada: “Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur” (Fotir surasi, 28-oyat)
Albatta, bir ilmni bilgan kishi bilan bõlmagan kishi hech qachon barobar bo‘lmaydi. Buni ham Alloh taolo o‘zining kalomida yaqqol oyatlar bilan biz bandalariga eslatma qilgan. Ya’ni: “Ayting (ey Muhammad): "Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!”. (Zumar surasi, 9- oyat)
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Olimlarning darajasi ilm olmagan mo`minlarning darajasidan yetti yuz daraja yuqoridir. Har darajaning orasi besh yuz yillik yo‘lga teng”.
Alloh azza va jalla ilm olgan kishining martabasini shunday yuksak darajalarga ko‘targan. Bunga o‘xshash oyatlardan hali juda ham ko‘plarini misol qilishimiz mumkin.
Hadisi shariflarda ham Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam ilmning fazilati, olimlarning martabalari va ilm olishning afzalliklari haqida juda ham ko‘plab bayon qilib ketganlar. Masalan, bir hadisda Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”.(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Yana bir hadisi sharifda “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir deyiladi”.
Bu dunyoda Alloh taologa eng yaqin kishilar bular payg‘ambarlardir. Chunki, ularning yelkalarida tog‘-u toshlar ham ko‘tara olmaydigan omonatni, ya'ni, ilmni yetkazish mas'uliyati bo‘lgan. Payg‘ambarlardan so‘ng esa bu omonatni yetkazish mas'uliyati olimlar zimmasiga tushgan. Olimlar borligi sabab bu ilmlar hozirgi kunga qadar qanday bõlsa shu holicha bizgacha yetib keldi.
Ilm olishning qanchalik muhim ekanligi to‘g‘risida sahobalar va ulamolarning fikrlaridan ham misollar keltirishni ma'qul deb topdik:
“Ilm olinglar. Ilm bilan birga xotirjamlik, viqor va hilmni (muloyimlikni) ham olinglar. Sizga ta’lim berayotgan kishiga tavoze’li bo‘linglar. Sizdan ta’lim olayotgan kishilar ham tavoze’li bo‘lishsin. Jabr qiluvchi olimlardan bo‘lmanglar. Ilmingiz johilligingiz ustiga qoyim bo‘lmasin.” (Ali ibn Abu Tolib)
“Ilmni fursat bo‘lganda o‘rganaverish kerak. Chunki ilm zarur bo‘lgan paytda fursat topilmaydi.” (Abdulloh ibn Mas’ud)
“Siz ilmga bor-yo‘g‘ingizni bermaguningizcha, u sizga biror narsa bermaydi.” (Abu Homid al-G‘azzoliy)
“Olimlarning jazosi - qalblarining o‘lganidir. Qalbning o‘lishi esa ilmi va uxroviy amallari bo‘la turib, dunyoviy niyatlar ketida yurganidir.”(Hasan Basriy)
Xulosa qilib aytganda foydali ilm inson uchun ikki dunyosida ham saodat mayog‘i bo‘ladi. Kim olgan ilmiga amal qilib yashasa, so‘zi o‘tkir, amali sobit va ilmi bardavom bo‘ladi. Alloh ilm o‘rganib adashib g‘uluga, kibrga ketib qolishdan asrasin. Amin.
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Sherov Shuhrat
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
