Maqolaning qisqacha mazmuni:
• Imom Termiziy hayoti bilan tanishuv.
• Shamoil Muhammadiyya asarining tarkibiy qismlarini bayon qilish.
• Foydalanilgan adabiyotlar.
Imom Termiziyning to’liq ismi Abu Iysa Muhammad ibn Iysa at-Termiziy bo’lib, hijriy 209- sanada tavallud topgan. O’z davrining yetuk muhaddislaridan biri. 220 dan ziyod shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Ular ichida ikki sahih kitob sohiblari Imom Buxoriy hamda imom Muslimlar ham bor. Bundan tashqari, imom Buxoriy va imom Muslimlar bilan yigirmadan ziyod shayxda sherik bo’lgan. Hatto imom Buxoriy u kishidan Hashr surasining tafsiri borasida Ibn Abbos roziyallohu anhudan kelgan hamda Abu Said roziyallohu anhudan kelgan hadislarni rivoyat qilgan.
Termiziy ko’plab kitoblarning muallifi hisoblanadi. Ulardan: “Tarix”, “Jome Termiziy”, “Ilal”, “Shamail Muhammadiyya”, “Kitabuz Zuhd”larni sanab o’tishimiz mumkin.
Imom Termiziy haqida ko’plab olimlar fikrlar bildirishgan. Ularni ham keltirib o’tishimiz maqsadga muvofiq bo’ladi:
Imom Sam’oniy: “Imom Terzmiziy so’zsiz o’z davrining imomi edi.” Ibn Asir aytadi: “Termiziy imom, hofiz bo’lib, uning ko’plab yaxshi asarlari bor.” Abu Ja’far ibn Zubayr aytadi: “Imom Termiziy hadis ilmida tengiz iz qoldirgan kishilardan biridir.”
Har bir mo’min umri davomida habibimiz Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamga o’xshashni, u Zot kabi hayot kechirishni xoxlaydi. Muhim emasdek tuyuladigan kunlik yumushlarda ham U Zot bilan bir xil bo’lishni chin qalbdan istaydi. Aynan shu bobda yozilgan kitoblarning eng mashhurlaridan biri imom Termiziyning “Shamail Muhammadiyya” asari hisoblanadi. Bu asarda Rosululloh sallallohu alayhi vasallamning ibodatlaridan tashqari, U Zotning qanday ovqatlanganlari, qanday kiyinganlari, sochlarini qanday taraganlari, sahobiylar bilan qanday munosabatta bo’lganlari, qilichlarining, sovutlarining ko’rinishagacha bayon qilingan.
Asar ellik besh bobdan iborat bo’lib, muallif har bir bobda zikr qilinadigan hadislar ma’nosiga zimnan ishora qilib ketgan. Ba’zi o’rinlarda sanad zikr qilingandan so’ng qisqacha sharham kiritib ketgan. Asarda 397 ta musnad xabarlar zikr qilingan bo’lib, fe’liy va qovliy xabarlar alohida ajratilgan holda keltirilgan.
Quyida asarda kelgan ba’zi boblarni keltirib o’tamiz:
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning yurishlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qanday yeganlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning kulishlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning yig’lashlari borasidagi bob.
- Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko’rish borasidagi bob.
Akbar Rahmonov,
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi