
Ilm – Alloh taoloning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. U orqali inson haqiqatni anglaydi, to‘g‘ri yo‘lni topadi va oxiratda saodatga erishadi. Qur’oni karimda va hadislarda ilmning fazilati, unga muhabbat qo‘yishning foydasi haqida ko‘plab dalillar bor.
Qur’oni karimda ilmning fazli 1. Zumar surasi, 9-oyat:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي ٱلَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَٱلَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ
"Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?"
Bu oyat ilm egalarining Alloh nazdidagi ulug‘ martabasini ko‘rsatmoqda. E’tibor qilsangiz Alloh taolo qaysi ilm egalari ekanini aytmayapti, shundan kelib chiqib islom olimlari: “Harqanday ilm egasiki uning ilmi insonlarga manfaat berak ekan, usha ilm sohibi bu oyatda aytilganidek Alloh taoloning huzurida oliy maqomdadir”, deb aytishadi.
2. Mujodala surasi, 11-oyat:
يَرْفَعِ ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ آمَنُوا۟ مِنكُمْ وَٱلَّذِينَ أُوتُوا۟ ٱلْعِلْمَ دَرَجَـٰتٍۢ
"Alloh sizlardan imon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko’taradir".
Bu oyat ilm egalarining darajasi Alloh tomonidan ko‘tarilishi haqida dalildir.
Hadislarda ilmga muhabbat
1. Ilm talab qilish farzligi:
طَلَبُ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ
"Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va musulmon ayolga farzdur". (Ibn Moja rivoyati)
Ba’zi rivoyatlarda “وَ مُسْلِمَةٍ” ya’ni “va musulmon ayolga ham” degan qo‘shimcha bor.
2. Ilm yo‘lida yurish jannat sari yo‘ldir:
مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْمًا، سَهَّلَ اللَّهُ لَهُ بِهِ طَرِيقًا إِلَى الْجَنَّةِ
"Kim ilm izlash yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatga olib boruvchi yo‘lni osonlashtiradi". (Imom Muslim rivoyati)
Bu hadis ilm ahlining qanday fazilatli insonlar ekanini ochib beradi.
Xulosa
Ilm – mo‘minning bezagi, qalbining nuri va amalining tayanchidir. Unga muhabbat qo‘yish, uni izlash va boshqalarga yetkazish – har bir musulmonning burchidir. Qur’on va hadislar ilm ahlining maqomini ko‘klarga ko‘targan. Shunday ekan, ilmga intilish – jannat sari yetaklovchi eng go‘zal yo‘ldir.
Abdulatif Baxtiyorjon o'g'li,
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
