MADANIYAT VA ODAT
Muallif: . .
Sana: 17.09.2026
10

Chiqindi ichida yashashni qachon odatiy hol deb qabul qila boshladik?

Har kuni ertalab ishga, oʻqishga yoki yumushimiz ortidan oshiqarkanmiz, yoʻl chetidagi bekatlar, mahalla burchaklari, bogʻlar va hattoki ariqlar boʻyida sochilib yotgan plastik idishlar, paketlar va maishiy chiqindilarga koʻzimiz tushadi. Eng achinarlisi — bu mudhish va xunuk manzara shunchalik koʻzimizga oʻrganib qoldiki, koʻpchiligimiz uning yonidan mutlaqo beparvo, indamay oʻtib ketamiz. Birov koʻrmasa boʻldi — sigaret qoldigʻini yoʻlakka, boʻshagan suv idishini maysazorga, yeb boʻlingan muzqaymoq qogʻozini esa duch kelgan joyga otib ketish koʻpchilik zamondoshlarimiz uchun odatiy va normal holatga aylanib boʻldi.
Ajablanarlisi shundaki, xuddi shu insonlar jamiyatda, ijtimoiy tarmoqlarda yoki choyxona suhbatlarida tozalik va tartib haqida soatlab ma’ruza oʻqishni, Yevropa va Yaponiya shaharlarining ozodaligiga havas qilishni juda yaxshi koʻradilar. Lekin oʻsha rivojlangan mamlakatlarda tozalik va ozodalik koʻchalarni kechasi-kunduzi supuradigan obodonlashtirish xodimlari evaziga emas, balki har bir fuqaroning oʻz qoʻlidagi chiqindini vaqtincha sumkasida olib yurish odati va yuqori madaniyati evaziga taʼminlanadi. Tozalik va tartib — bu shunchaki qogʻozdagi qoidalar yoki ma’muriy jarimalar emas, balki insonning ichki madaniyati, e’tiqodi va mas’uliyatidir.

Aslida, bu masʼuliyat manbai dinimiz poydevorida juda mustahkam qilib qoʻyilgan. Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: "Poklik imondandir" deya marhamat qilganlar. Boshqa bir sahih hadisi sharifda esa: "Aziyat beruvchi narsani yoʻldan olib tashlash imonning boʻlaklaridandir" deb uqtiriladi. Oʻylab koʻraylik, bugun biz imonimizning ushbu amaliy boʻlagiga qanchalik rioya qilyapmiz? Yoʻldagi aziyatni, toshni yoki shox-shabbani olib tashlash u yoqda tursin, oʻzimiz oʻsha aziyatni — maishiy chiqindilarni yoʻlimizga, atrofdagilarning koʻzi oldiga otib ketmayapmizmi?

Qur’oni Karimda Alloh taolo insoniyatga murojaat qilib: «Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar va yer yuzida buzgʻunchilik qilmanglar» deb buyuradi. Tabiatni, havoni, tuproq va suvni ifloslantirish — bu nafaqat atrof-muhitga, balki oʻsha hududda yashayotgan boshqa insonlarga, kelajak avlodga nisbatan qilingan ochiq zulmdir. Buyuk mutakallim Imom al-Maturidiy ta’kidlaganlaridek, Alloh taolo Yerni insonlar uchun obod qilish va tartibda saqlash uchun topshirgan, uni xarob qilish va ifloslantirish esa Yaratganning omonatiga xiyonat qilish bilan tengdir. Obodonlashtirish xodimlarini "bizning ketimizdan tozalashga majbur xizmatchi" deb bilib, ularning mashaqqatli mehnatini qadrsizlantirish orqali jamiyat oʻz maʼnaviy qiyofasini va insoniylik darajasini yoqotib boradi. Ertalabdan kechagacha issiqda va sovuqda koʻcha supurayotgan onalarimiz va otalarimizning mehnatiga hurmat koʻrsatish ham jamiyatning ma’naviy darajasini belgilaydi.

Moʻjiza kutish shart emas. Koʻchani va mahallani toza tutish uchun global islohotlar yoki katta mablagʻlar shart emas — shunchaki har birimiz qoʻlimizdagi chiqindini belgilangan qutiga yetkazib tashlashni odat qilsak, ham fuqarolik, ham imoniylik burchimizni bajargan boʻlamiz. Tozalik tozalangan joyda emas, balki chiqindi tashlanmagan joyda boʻladi.

Sayfullayeva O‘g‘iloy Abdullo qizi
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi

. .