Dinimiz mo'tadillik dinidir, musulmon ummatining sifatlaridan biri - vasatiyya, ya'ni hamma narsada me'yorni ushlaydigan, o'rtachalikni tutadigan insonlar. Haddan oshish, g'uluvga ketish esa dinimizda qay'iyan man qilingan amallardandir. Musulmon kishi barcha narsada mo'tadil bo'lishi, me'yorni bilishi va uni mahkam tutishi talab qilinadi. Biror narsani yaxshi ko'rishda ham, oldi sotdi, tabiiy ehtiyojlarini qondirish masalalarida ham, muomala masalalarida ham - hammasida me'yorga amal qilishi kerak.
Yaratganga hamdlar bo'lsinki, yurtimizda boylar ko'paymoqda. Aholining yashash sharoitlari yaxshilanmoqda. Daromad yo'llari ko'payib bormoqda. Endi avvalgi zamonlardagidek bir burda non topib kelish uchun oilaboshilar butun kun davomida mehnat qilishi shart emas. Inson qadri yuksalmoqda. Uning mehnati e'zozlanmoqda.
Taassufki, mana shunday to'kin sochinlik davrida isrof degan tushunchani unutayozgan, dabdababozlik, hashamatni ketidan quvib dinimiz qaytargan amallarga qo'l urayotgan, u uchun oddiygina, juda oson erishiladigan kundalik ehtiyojlari uchun uzoq emas, bir avlod yuqoridagi otasi qancha qiyinchilik ko'rganini unutgan kimsalarni ko'rib qolamiz.
Bunday isrofgarchiliklar insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham xasratda qolishiga sabab bo'ladi.Alloh taolo A'rof surasi 31-oyatda bunday marhamat qiladi:
"Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatingizni oling. Yeb iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas".
Ulamolar isrofni 3 qismga bo'ladilar:
1. Mol mulkni harom qilingan ishlarga sarflash. Bu isrofning eng qabih ko'rinishidir. Ulamolar harom ishga sarflangan har qanday mol isrof ekanligini aytadilar.
2. Birlamchi ehtiyojlar qolib, ikkilamchi narsalarga sarflash. Masalan, bir kishi oila a'zolariga kiyim bosh olib berishi, farzandlariga o'quv qurollari yoki kitoblar olib berishi kerak bo'lgan pulga televizor sotib oldi. Yoki odamlarni yonida kiyib yurishga munosib libosi yo'q kishi katta pulga galstuk sotib oldi. Bu misollar ham isrofning bir turi hisoblanadi.
3. Sarflashda o'rtacha chegaradan oshirib yuborish. O'rtacha holatdagi kishi o'zining tashqi ko'rinishi, kiyim kechagi uchun haddan ortiq pul ishlatishi va buni odat qilib olishi ham bunga misoldir. Doktor Ibrohim Silqiyniy aytadilar. Isrof jamiyat va shaxslarning holatiga qarab farqlanadi.
Musulmon odam shunday mo'tadil bo'ladiki infoq qilsa to'kib sochib sovurib yubormaydi. Aksincha baxillik qilib, molini oilasidan, ahlidan, ota onasidan qizg'onib ham yurmaydi. Molini yaxshilikka, Alloh va Rosuli buyurgan xayrli ishlarga sarf qiladi.
Xulosa qiladigan bo'lsak, har bir inson uchun sarf-xarajatlarida oltin o'rtalikni topmog'i lozim. To'kib sochib yuborish ham, baxillik qilish ham ikki dunyodagi hasratga sabab bo'lishi mumkin.
"Al-mufassol fi fiqhil hanafiy" kitobi asosida tayyorlandi.
Mir Arab oliy madrasasi 4-kurs talabasi
Sobirov Asrordin
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
