FATVO NIMA VA UNGA KIMLAR HAQLI?
Muallif: . .
Sana: 21.02.2023
2777

Bismillahir rohmanir rohiym


Alloh taologa hamdlar, Rosuli Akram mustafoga salavotu-durudlar bo'lsin.

Hozirgi kunimizda har bir kishi o'ziga berilgan savolga albatta javob berish kerak deb o'ylaydi va go'yo-ki unga javob bermasa o'zini gunohkordek his qiladi, ho'sh aslida ham shundaymi, shariatimizda har kim diniy savollarga javob berishi fatvo berishligi to'g'rimi ?
Yo'q, albatta bu ishni o'z egalari va mutahasislari bor, sharitda fatvo berish uchun ulamolarimiz tomonidan qo'yilgan shartlar bor, ana shu shartlarni o'zida jamlagan insongina sharitda fatvo bera oladi.O'zi fatvo berish nima degani ?
“Fatvo” soʻzi “biron-bir masalaning sharʼiy hukmini tushuntirish, uning yechimini topish” maʼnosi anglatadi.
Istilohda esa fatvo deb: so'ralgan shar'iy savol yoki masalalarga shar'iy dalillar asosida javob berishga ishlatilinadi.
Fatvo – har-hil fiqhiy savollar boʻyicha yirik musulmon faqihlarining qatʼiy fikrlarini ifodalaydi.
Fatvo berish shariatda farzi kifoya amal hisoblanib, u yakka tartibda, jamoaviy yoki shu vazifaga yo'naltirilgan idoralar
orqali amalga oshiriladi.

Alloh Taolo aytadiki:

ولا تقف ما ليس لك به علم ان السمع والبصر والفؤاد كل اولائك كان عنه مسؤولا

Ya'ni:
" Oʻzing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, koʻz va dil – ana oʻshalar, masʼuldirlar" (Isro surasi, 36-oyat).

Endi bu vazifaning mas'uliyati haqida qisqacha to'xtalib o'tadigan bo'lsak, bu borada Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar bor:

عن أبي هريرة قال: قال رسول الله صلي الله عليه و سلم:
"من افتي بفتيا غير ثبت فانما اثمه علي الذي أفتاه"

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki:“Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi unga fatvo bergan kimsaga boʻladi”deganlar.[1]

Boshqa bir hadisda esa:

عن جندب بن عبد الله قال: قال رسول الله صلي الله عليه و سلم:"من قال في القرأن برايه فأصاب فقد أخطأ"

Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytdi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim Qurʼon (oyatlari) haqida oʻz raʼyi bilan gapirsa (tafsir qilsa), toʻgʻri qilgan boʻlsa ham xato qilibdi" deganlar.[2]

Imom Navaviy Abdurahmon Ibn Abu Laylodan quyidagi gaplarni keltiradi:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning 120 sahobalaridan savol soʻralganda, “anavidan soʻra” ,- deb boshqalariga ishora qilinar va oxiri yana avvalgisiga qaytib kelganini koʻrdim”[3].

Bu gapdan ma'lum bo'ladiki sahobalar (Alloh ulardan rozi bo'lsin) fatvo berishdan o'zlarini olib qochib o'zidan ko'ra ilmiroq deb bilgan boshqa sahobani ko'rsatib, bu ishdan o'zlarini tortganlar.

Imom Molikning shogirdlaridan biri aytadi: “Xudo haqqi aytaman, Molikdan biror bir masalani soʻrashsa, u oʻzini xuddi jannat va doʻzax orasida turgandek his qilar edi”.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo aytadi: “Sizlar shunaqa fatvo soʻraydigan qavmga oʻxshab bizdan soʻraysizlarki, guyoki biz sizga berayotgan fatvolarimizdan soʻralmaydiganday"[4].

Islomda fatvoning oʻrni va taʼsiri muhim boʻlishi bilan birga oʻta masʼuliyatli vazifa ham hisoblanishini bilib oldik, chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-doʻzax orasidagi amallar koʻrsatib beriladi.

Endi fatvo berishga kimlar haqli va ularga qo'yiladigan shartlar nimalar ekanligiga to'xtalib o'tamiz.

Fatvo beruvchi kishi, avvalo, Qurʼon ilmini yaxshi bilishi, hatto yodlagan boʻlishi kerak. Chunki masalaga javob, birinchi, Qurʼondan olinadi. Keyin, Paygʻambar alayhissalotu vassalom hadislarini bilishi, ulamolarning fatvo kitoblarini oʻqigan boʻlishi, ularda har bir masalada nima deyilganini bilishi lozim. Eng muhim nuqtalardan biri zamonasini, uning urf-odatlarini, odamlarning ijtimoiy va boshqa jihatlarini bilishi zarur.
Fatvoga ehtiyoj tug'ilgan vaqtda eng avvalo fatvo beruvchi , mazhablar taʼlimotiga tayanadi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtai nazaridan muftiy fatvolar chiqarishi mumkin bo'ladi.
Yana fatvo beruvchida bo'lishi kerak bo'lgan sifatlar haqida Imom Shofeiy aytadilarki:«Faqatgina quyidagilarni oʻzida jamlagan kishigina Allohning dinida fatvo berishi mumkin: Allohning Kitobini, uning nosixi va mansuxini, muhkami va mutashobihini, taʼviyli va tanziylini, makkiysini va madaniysini yaxshi bilgan boʻlishi va undan nima iroda qilinganini ham bilishi kerak. Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini chuqur oʻzlashtirgan boʻlishi kerak. Hadisdan ham Qurʼondan bilgan narsalarni bilmogʻi lozim. Arab tilini va sheʼriyatini yaxshi bilmogʻi kerak. U narsalarni insof ila ishlatishi shart. Turli diyor ulamolarining ixtiloflarini ham anglab yetgan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, oʻtkir zehnli boʻlmogʻi ham kerak. Ana shundagina gapirishi va halol hamda haromdan fatvo berishi mumkin. Boʻlmasa, jim tursin».

So'zimizni oxirini Imom Ahmadning quyidagi gaplari ila yakunlaymiz, Xatib Bag'dodiy Imom Ahmad Ibn Hanbal rohimahullohdan rivoyat qiladi:
قِيلَ لِأَبِي عَبْدِ اللهِ أَحْمَد بْنِ مُحَمَّدٍ بْنِ حَنْبَلٍ وَ أَنَا أَسْمَعُ: "يَا أَبَا عَبْدِ اللهِ: كَمْ يَكْفِي الرَّجُلُ مِنَ الْحَدِيثِ حَتَّى يُمْكِنَهَ أَنْ يُفْتِيَ؟ يَكْفِيهِ مِائَةُ أَلْفٍ؟". قَالَ: "لَا!". قِيلَ: "مِائَتَا أَلْفٍ؟". قَالَ: "لَا!". قِيلَ: "ثَلَاثُمِائَةِ أَلْفٍ؟". قَالَ: "لَا!". قِيلَ: "أَرْبَعُمِائَةِ أَلْفٍ؟". قَالَ: "لَا!". قِيلَ: "خَمْسُمِائَةِ أَلْفٍ؟". قَالَ: "أَرْجُو"
“Imom Ahmad rahimahullohdan: “Yo, Abu Abdulloh! Fatvo berishi mumkin bo’lishi uchun insonga hadisdan qancha bilishi kifoya qiladi? Unga yuz ming hadisni bilishi kifoyami?”, deb so’ralgan. U zot: “Yo’q!” deb javob berganlar. “Unga ikki yuz ming hadisni bilishi kifoyami?”, deb so’ralgan. U zot yana: “Yo’q!” deb javob berganlar. “Unga uch yuz ming hadisni bilishi kifoyami?”, deb so’ralgan. U zot yana: “Yo’q!” deb javob berganlar. “Unga to’rt yuz ming hadisni bilishi kifoyami?”, deb so’ralgan. U zot yana: “Yo’q!” deb javob berganlar. “Unga besh yuz ming hadisni bilishi kifoyami?”, deb so’ralgan. Shunda u zot: “Kifoya qilishidan umid qilaman!”, deganlar.[5]

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, fatvo berish va shariatdagi biror savolga javob berishlik bu katta mas'uliyat, ilm, taqvo va mahorat talab qiladi, fatvo berib obro' qozonish ilinjida bo'lish esa hadisi sharifda zikr qilinganidek o'zini do'zahga otgandek gap. Demak har birimiz bu narsaga jiddiy qarashligimiz kerak bo'ladi. TavfiqAllohdan.

Hikmatulloh Zokirov

Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

------------------------------------------
1 - Imom Ahmad va Imom Ibn moja rivoyati
2 - Imom Termiziy rivoyati
3 - "Al Majmu' " Imom Navaviy (Dorul Hadis)
4 - "Usulul iftai va adabuhu" - Shayxul Islom Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy (Dorul Qolam)
5 - "Al-faqih val mutafaqqih" - Hofiz Xatib Bag'dodiy (Dorul Kutubul Ilmiyya)

. .