RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING OLAMLARGA RAHMAT EKANLIKLARI VA BU XULQ BILAN XULQLANISHIMIZ
Muallif: . .
Sana: 23.09.2024
309

Qachonki insoniyat adolatsizlik, johillik va zulmat botqog‘ida qolgan bo‘lsa, Alloh taolo ularga yo‘l ko‘rsatish uchun Payg‘ambarlarni yuborgan.

Alloh azza va jalla shunday shaxsni bizga ham ne’mat qilib yuborganki, u ulug‘ zot tug‘ilishlari zahotiyoq insoniyat tarixida ulkan burilishlar sodir bo‘ladi. U zotning dunyoga kelishlari faqatgina arab yurtlariga emas, balki butun olamlarga rahmat bo‘ladi.

Tasavvur qiling, zulmatga g‘arq bo‘lgan bir olam. Qalbni ezayotgan zulm, jabr-sitam va adolatsizlik keng yoyilgan, insonlar najotsiz qolgan. Yolg‘izlik, g‘am va ranjlar bilan to‘lib-toshgan yuraklar, Allohning rahmatiga muhtoj, hidoyatga chanqoq edi.

Shu vaqtda, Alloh insoniyat uchun eng buyuk rahmatni yuboradi – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni! U zotning kelishlari bilan olamga nur tarqaladi, zulmatni yorug‘lik yutadi, zulmni adolat bosib oladi. Har bir inson, har bir tirik mavjudot U zotning rahmatidan bahra ola boshlaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, har bir so‘zlari, har bir harakatlari orqali dunyoga rahmat ulashib turdilar.

Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Biz seni butun olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”(Anbiyo, 107) – deya u zotning maqomini tasdiqlab qo‘yib, insoniyat va barcha mavjudot uchun Muhammad alayhissalomning buyuk ahamiyatini ochib berdi.

Rasululloh nafaqat o‘z zamonlariga, balki butun kelajak avlodlarga ham rahmat ulashuvchi bo‘lib keldilar. U zotning rahmati yo‘qsizni ko‘z yoshini artdi, zulmga uchraganlarni najotga eltib, eng ayanchli qalblarga taskin berdi. Har birimiz uchun, bugungi kunimizda ham bu rahmatni his qilishimiz, qalblarimizni to‘ldirishimiz lozim.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning rahmat sifatlari hayotlarining har bir lahzasida, har bir so‘zida va har bir amallarida o‘z aksini topgan. Ushbu maqolada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat ekanliklarini tarixiy dalillar bilan yoritib, bu xulqni qanday qilib o‘zimizda mujassamlashtirishimiz mumkinligini tushuntirib o‘tishga harakat qilaman.

Rasulullohning dushmanlariga ham rahmatli bo‘lganlari.

Islom tarixi Rasulullohning dushmanlariga ham qanday rahmat ko‘rsatganlari haqidagi dalillar bilan to‘la. Badr jangida musulmonlar mushriklarni mag‘lub qilganda, mushriklarning o‘nlab askarlari asir olinadi. Sahobalardan ba’zilari ularni o‘ldirishni taklif qilishadi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni avval eshitar, so‘ng asirlarni kechirishni buyuradilar va ularni musulmonlar orasida yaxshi muomala bilan saqlashni buyuradilar. U zotning bu rahmatlari natijasida ko‘plab asirlar Islomni qabul qiladilar.

Hudaybiya shartnomasini tuzish jarayonida ham Rasulullohning rahmatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Mushriklar tomonidan Quraysh qabilasi Payg‘ambarimizning shaxsiyatlarini kamsitishdi, ular shartnoma shartlarini og‘ir qilib, musulmonlarni past ko‘rishdi. Shunday sharoitda ham Rasululloh shartnomani tinchlik va mojarolarni oldini olish uchun imzoladilar. Sahobalar bu shartlarga qarshi norozilik bildirgan bo‘lsa-da, Rasululloh tinchlikka ko‘proq ahamiyat berdilar va sabr qilishni o‘rgatdilar. Bu voqealar bizga muhim bir saboq beradi – dushmanlarga ham rahmat ko‘rsatish orqali ular bilan sulh va tinchlikka erishish mumkin.

Rasulullohning yetim va kambag‘allarga mehribonliklari.

Rasulullohning rahmatli bo‘lishlari u zotning yetimlarga, kambag‘allarga va ojizlarga bo‘lgan mehr-oqibatlari bilan ham ko‘rinadi. Bir kuni Rasululloh masjidda namoz o‘qiyotgan paytlarida bir yetimning yig‘layotganini eshitadilar. Yetim bola onasi vafot etganini aytadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblari yumshaydi va u bolani o‘z qanotlari ostiga olib, unga mehr ko‘rsatadilar. U zot yetimlarga bo‘lgan e’tiborlarini shu so‘zlar bilan ifoda etganlar:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: "كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِوَسَلَّمَ قَالَ: 'أنا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ في الْجَنَّةِ هَكَذَا' وَقَرَنَ بَيْنَ السَّبَّابَةِوَالْوُسْطَى" (رواه البخاري).

“Men va yetimga homiylik qiluvchi kishi jannatda shu ikkisi kabi yaqin bo‘lamiz” – deya ikki barmoqlarini birlashtirdilar.

Bu hadisdan Rasulullohning rahmatli bo‘lganlarining yana bir ko‘rinishini ko‘ramiz. Yetimlar, kambag‘allar va zaiflarga nisbatan mehr-shafqat ko‘rsatish – bu Rasulullohning hayotlarida doimiy amal bo‘lgan va bu biz uchun ham buyuk o‘rnakdir.

Rasulullohning rahmati nafaqat musulmonlar yoki insonlar uchun, balki butun tirik mavjudotlar, tabiat va hatto jamiyatlarning tuzilishiga ham keng yoyilgan. U zotning rahm-shafqat va odillik bilan qilgan ishlari nafaqat arab qabilalari orasida, balki butun dunyoda kechgan voqealar orqali namoyon bo‘lgan.

Masalan:

نْ إِبْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَعَ أَصْحَابِهِ فِي سَفَرٍ، فَشَاهَدُوا طَائِرًا وَقَدْ أَخَذَ أَحَدُهُمْ فَرْخَهُ، فَإِذَا الطَّائِرُ قَدْ جَاءَ يُقَلِّبُ جَنَاحَيْهِ، فَجَاءَتْ عَيْنَا رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَذْرِفَانِ. فَقَالَ: "مَن فَرَّخَ هَذَا الطَّائِرَ مِنْ فَرْخِهِ؟ ارْجِعُوا فَأَرْجِعُوا إِلَى فَرَخِهِ".

Ya’ni:

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, bir kuni Rasululloh sahobalari bilan birga sayohat qilayotganlarida qushning inini ko‘rib qoladilar. Bir sahoba qushning bolasini olib qo‘yadi. Qush qaytib kelganda bolasini topolmaydi va qayg‘urib, uchib yurganida Rasulullohning ko‘zlariga yosh keladi. U zot dedilar:

“Kim bu qushni bolasidan judo qildi? Bolasini qaytarib qo‘ying!” (Abu Dovud rivoyati)

Bu rivoyatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning insonparvarlik va rahm-shafqatga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi. Ushbu voqeadan quyidagi ibratlarni olish mumkin:

1. Rahm-shafqat va odamlarga nisbatan mehribonlik: Qushning bolasidan judo bo‘lishi uni qayg‘uga slogan va Rasulullohning o‘zi bu holatga nisbatan chuqur hamdardlik bildirib, bolasini qaytarishni talab qilgan. Bu – inson faqat insonlarga emas, balki hayvonlarga ham rahm-shafqat ko‘rsatishi kerakligini o‘rgatadi.

2. Tabiatga hurmat: Hayvonlarni bezovta qilish yoki ularning tabiiy hayotiga zarar yetkazish taqiqlangan. Inson tabiatga, hayvonlarga mehribon va mas’uliyatli bo‘lishi kerak.

3. Adolat va javobgarlik: Bu voqea adolat va javobgarlik tuyg‘usini ham ifodalaydi. Rasululloh kimning qushni bolasidan judo qilganini so‘raydi va qilgan amaliyotini to‘g‘rilashga chaqiradi. Bu esa inson har qanday nohaqlikni tuzatishga intilishi kerakligini eslatadi.

Tarixda ko‘p marotaba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rahmatli, halim va kechirimli bo‘lganlari dalillangan. Masalan, Makkani fath qilganlarida U zotning yonida ularga ko‘p yillar mobaynida aziyat bergan, dushmanlik qilgan, hatto o‘ldirishga qasd qilgan odamlar turardi. Ular qo‘rqinch va xavotirda edilar. Ammo Rasululloh ularga nisbatan kechirim ko‘rsatib, “Bugun sizlarga biron ozor yo‘q. Hamma erkin, ozod” degan so‘zlari bilan ularni afv etdilar. Bu voqea nafaqat Makka xalqi uchun, balki butun dunyo uchun rahmatning buyuk namunasi edi.

Rasulullohning bu qadar yuksak darajadagi kechirimlilik va rahmatni ko‘rsatganlari, insoniyat uchun saboqdir. U zot o‘zlariga qanchalik zulm yetkazilgan bo‘lsa ham, qalblarida nafrat emas, balki kechirim va rahmat saqlardilar. Bu holatda hatto dushmanlari ham u zotning rahmatidan ta’sirlanib, iymon keltirishga yaqin edilar.

Toif voqeasi. Zulmga javoban rahmat.

Rasulullohning eng ta’sirli va yuraklarni larzaga soladigan voqealaridan biri – Toif safari. U zot Toifga insonlarni Islomga da’vat qilish uchun borgan edilar. Biroq Toif ahli U zotni yomon qabul qildi, toshbo‘ron qildi, U zotning muborak oyoqlari qon bilan to‘lib ketdi. Rasulullohning yonlarida ozod qilingan qullari Zayd ibn Horisa ham yarador bo‘ldi. Shunday og‘ir, dardli holatda Rasululloh dushmanlariga la’nat o‘qish o‘rniga ularga duo qildilar.

Alloh taologa yuzlanib: “Ey Alloh, bu qavm hidoyat topsin, chunki ular johil!” deb duo qildilar.

Bu voqea bizni chuqur o‘ylashga majbur qiladi.

Shunday og‘ir vaziyatda, inson qalbini g‘azab va gina to‘ldirganida ham Rasulullohning qalbini faqat kechirim va rahmat to‘ldirdi. Bu darajadagi rahmatni anglab yetish bizni yig‘latadi, qalbimizda U zotning ulug‘ligini his qildiramiz. Zero, bu rahmat faqat tanish-bilishlar yoki yaqinlarga emas, balki dushmanlarga ham nisbatan namoyon qilingan!

Rasulullohning me’roj safari. Olamlarga yetkazilgan rahmat.

Rasulullohning olamlarga rahmat bo‘lganligini tushunish uchun, biz eng avvalo, U zotning hayotlarida ro‘y bergan ulug‘ voqealarni yodga olishimiz kerak. Me’roj safarini eslasak Alloh taolo Rasulullohni bir kecha yer yuzidan osmonga olib chiqdi. Me’roj voqeasida Muhammad sollallohu alayhi vasallam faqatgina o‘zlari uchun emas, balki butun insoniyat uchun qanday fazilatlar, qanday o‘zgarishlar kerakligini o‘rganib qaytdilar. Ushbu safar orqali insoniyat uchun 5 vaqt namoz, Allohning marhamati va Uning rizoligiga yetishish yo‘llari taqdim etildi. Ushbu rahmatning o‘zi musulmonlarning yuragini Allohga bog‘lab, dunyo va oxirat muvaffaqiyatiga yo‘naltiradi.

Biz qanday qilib rasulullohning rahmatli xulqlarini o‘zlashtirishimiz mumkin?

Rasulullohning rahmatli bo‘lgan xulqlarini hayotimizda aks ettirishimiz uchun u zotning odatlarini chuqur o‘rganishimiz, ularni kundalik hayotimizda qo‘llashimiz zarur. Quyidagi jihatlar bizga bu borada yordam beradi:

- Mehr-shafqatli bo‘lish: Hayotimizda boshqa odamlar, jonivorlar va atrof-muhitga nisbatan rahmatli bo‘lishimiz kerak. Har bir kimsaning ehtiyojlariga e’tiborli bo‘lib, ularga yordam berish bizning vazifamiz.

Dushmanlarga ham rahmatli bo‘lish.

O‘z nafratimizni kechirim va mehrga almashtirish orqali tinchlik va hamjihatlikka erishish mumkin. Yetimlar va ojizlarga mehribon bo‘lish, jamiyatning zaif qatlamlariga ko‘proq e’tibor qaratib, ularga yordam qo‘lini cho‘zishimiz kerak.

Kechirimli bo‘lish :Kechirim – eng ulug‘ rahmatning bir ko‘rinishi bo‘lib, bu sifatni hayotimizda aks ettirishimiz lozim.

]Darhaqiqatki, Sarvari koinotimiz haqlarida va u kishining sifatlari borasida to‘xtamay ta’rif bersak ham aslo tugamaydi yuqorida berilgan tarixiy voqeliklardan xulosa shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat ekanliklari faqat Qur’onda aytilgan emas, balki tarixiy voqealar va u zotning amallari orqali tasdiqlangan haqiqatdir.

Buni anglash uchun inson o‘z aqli kamoloting cho‘qqisiga chiqgan bo‘lishi shart emas, chunki U zotning har bir qadamida rahmat, mehr-shafqat va kechirim namoyon bo‘lgan.

اللهم صل و وسلم وبارك عليه

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Bekov Imron

. .