OLTIN ASR
Muallif: . .
Sana: 02.10.2024
42

Hijriy III asr umum islom ilmlari, xususan, nabaviy sunnati ilmlarining gullab-yashnagan davri hisoblanadi. Bu – dav rda ilm talabida safar qilish va hadis roviylarini oʻrganish ilmi faollashib, hadislarni yozib borish yanada kengaydi. Ummat suyangan va islom manbalari deb eʼtibor berilgan “musnad”, olti sahih kitoblar turkumiga kiruvchi “sihoh” va “sunan” asarlari yuzaga keldi.

Bu asrda hadis ilmi, jarh va taʼdil (roviylarning ishonchli va ishonchsizligini oʻrganuvchi ilm) asoschilari boʻlgan Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh, Ali ibn Madaniy, Yahyo ibn Main, Muhammad ibn Muslim ibn Vora, Imom Dorimiy, Usmon ibn Said Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Abu Zurʼa, Abu Hotim Roziyon kabi koʻplab hadis hofizlari va daho allomalar yetishib chiqqan.

Shuningdek, allomalarning kitoblarida bidʼatchi va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlarning pardalarini yirtish, sirlarini ochish, odamlarni ulardan ogoh etish va ularning xatarini ummatga bayon qilish uchun raddiya yoʻlini tutgan.

III/IX asr - hadis ilmining “oltin asri”ga aylandi. Hadislarning “musnad”, “jome’” va “sunan” shaklidagi katta hadis toʻplamlari, o‘zida koʻplab hadislarni jamlagan tarixiy-biografik uslubdagi, shuningdek, fiqhiy, aqidaviy hadislarni o‘zida mujassam etgan alohida asarlar ham yaratila boshlandi. Hadis toʻplamlarini tuzish bo‘yicha yangi bir uslub-uch roviyli (sulosiyyot) hadislarni alohida toʻplam qilishga asos solindi. Movarounnahrlik muhaddislardan Imom Buxoriy va Imom Termiziylar islom olamida e’tirof etilgan “olti sahih” hadis toʻplamlari mualliflari boʻldilar. Imom Dorimiyning “Sunan” asari oʻzining qiymati jihatidan ulardan kam bo‘lmagan. Ushbu asar II/VIII asrning ikkinchi yarmi-III/IX asrning boshlaridagi diniy-siyosiy muhit va huquqiy holatning talabi sifatida yuzaga keldi. U islom dunyosida turli firqalarning mafkuraviy kurashlari avj olishi natijasida tarqalgan soxta hadislardan sahihlarini ajratib berish maqsadida tuzildi. Hijriy uchinchi asrda quyidagi muhaddislar faoliyat koʻrsatdilar:

a) musnad uslubida:

1. Said ibn Mansur Marvaziy (vaf. 842 y.).

2. Abu Bakr ibn Abdulloh ibn Abu Shayba (vaf. 850 y.).

3. Abu Bakr Ahmad ibn Amr Bazzor (vaf. 844 y.).

4. Abu Abdurahmon Baqiy ibn Maxlad Andalusiy (vaf. 889 y.).

5. Abu Said Usmon ibn Said Dorimiy (vaf. 893 y.).

6. Abu Muhammad Abd ibn Humayd ibn Nasr Keshshiy (vaf. 863 y.).

7. Abu Muhammad Horis ibn Muhammad ibn Abu Usoma Tamimiy

(vaf. 895 y.).

8. Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal Shayboniy (vaf. 855 y.).

b) sahih uslubida:

1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 870 y.).

2. Muslim ibn Hajjoj Qushayriy (vaf. 875 y.).

v) sunan uslubida:

1. Abu Dovud Sulaymon ibn Ash'as Sijistoniy (vaf. 888 y.).

2. Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy (vaf. 892 y.).

3. Abu Abdurahmon Ahmad ibn Shu'ayb Nasoiy (vaf. 916 y.).

4. Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja Qazviniy (vaf. 886y.).

Mazkur to‘plamlar orasida “Sahih” va “Sunan” kitoblari alohida ahamiyatga ega[1]. Imom Abu Iso Muhammad Termiziy islom olamida ma’lum va mashhur olim. U hadis ilmiga oid qimmatli asarlar bilan yurtimiz davrug‘ini dunyoga tarqalishiga salmoqli hissa qo‘shgan. Olimning ilmiy merosi haqida olim-u ulamolarimiz ko‘plab asarlar yaratgan. Imom Termiziyning boy va serqirra ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish barcha davrlarda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.[2] Davlat rahbarining ushbu so‘zlari ham hozirgi kunda yana ham izlanishga chorlaydi. “Tarixiy me’rosni asrab avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlarsh har birimizning sharafli burchimizdir. Islom – haqiqatni anglash demakdir, u odamzotni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi”[3].

Иброҳимжон Темиров

Мир Араб олий мадрасаси ўқитувчиси



[1]D. Rahimjonov., D. Muratov. Hadisshunoslik ( o‘quv qo‘llanma) Toshkent: TIU nashriyot – matbaa birlashmasi, 2013. – B. 88.

[2] J. Cho‘tmatov. Imom Abu Iso Termiziy hayoti va ijodi sahifalari.– Toshkent: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi, 2019. – B. 3.

[3] Shavkat Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko`taramiz. – T.: “O`zbekiston”, 2017. – B. 29.

. .