Kirish. Islom dini banda bilan Parvardigor o‘rtasidagi aloqani mustahkamlovchi eng ulug‘ ibodatlardan biri sifatida duoni alohida e’tibor bilan qadrlaydi. Duo — bu shunchaki til bilan so‘rash emas, balki qalbning Allohga yuzlanishi, bandasining ojizligini tan olib, butun vujudi bilan Robbiga tazarru‘ qilishi demakdir. Shu sababli Qur’on va Sunnatda duo qilishga targ‘ib qilingan, uning odoblari va go‘zal shakllari mufassal bayon etilgan. Musulmonlar amaliyotida duoning tashqi ko‘rinishiga oid ayrim holatlar — masalan, qo‘llarni ko‘tarish, iltijo ohangi, duoni chiroyli yakunlash kabi masalalar qadimdan ulamolar tomonidan muhokama qilib kelingan. Ana shunday amaliy masalalardan biri — duo tugagach qo‘llarni yuzga surtish amalidir. Bu amal asrlar davomida musulmonlar orasida keng tarqalgan bo‘lib, masjidlar, majlislar va shaxsiy ibodatlarda odatiy hol sifatida bajarib kelingan. Biroq keyingi davrlarda ushbu masala atrofida turli fikrlar paydo bo‘lib, ba’zan u keskin bahs va tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgani ham kuzatilmoqda. Ayrimlar ushbu amalni savol ostiga qo‘yib, uning shar’iy asoslari haqida shubhalar bildirgan bo‘lsalar, boshqalar esa uni islomiy merosning ajralmas qismi sifatida himoya qilib kelmoqdalar. Shu o‘rinda muhim bir haqiqatni ta’kidlash lozim: islomiy ilmda har bir amal shaxsiy hissiyot yoki zamonaviy qarashlar bilan emas, balki Qur’on, Sunnat, sahobalar amali va ulamolar bayonlari asosida baholanadi. Ayniqsa, asrlar davomida muhokama qilingan va fiqhiy manbalarda zikr etilgan masalalar chuqur ilmiy yondashuvni talab qiladi. Mazkur maqolada duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi xolis ilmiy mezonlar asosida, hissiy bahslardan xoli holda, hadis rivoyatlari, sahobalar va tabe’inlar amaliyoti, shuningdek to‘rt mazhab ulamolarining qarashlari doirasida bosqichma-bosqich yoritiladi. Maqsad — bu masala bo‘yicha islomiy manbalarda qanday dalillar keltirilganini ochiq ko‘rsatish, mavzuni ilmiy asosda tushuntirish va o‘quvchiga to‘liq tasavvur berishdir.
1. Duoda qo‘llarni ko‘tarish — duoning odoblaridan
Islomiy manbalarda duo faqatgina so‘z bilan aytiladigan iltijo bo‘lib qolmay, balki banda tomonidan qalb, til va badan bilan amalga oshiriladigan ibodat sifatida ta’riflanadi. Shu bois ulamolar duoning ichki holatlari bilan bir qatorda, uning tashqi odoblariga ham alohida e’tibor qaratganlar. Ana shu tashqi odoblardan eng mashhurlaridan biri — duo paytida qo‘llarni ko‘tarishdir. Duoda qo‘llarni ko‘tarish banda tomonidan Alloh taolo huzurida o‘zining muhtojligini, ojizligini va tazarru‘ini izhor etish ramzi hisoblanadi. Bu holat xuddi faqirning ehson so‘rab qo‘l ochishiga o‘xshaydi. Shu ma’noda ulamolar duoda qo‘l ko‘tarishni “so‘rash holatini namoyon qiluvchi tashqi ifoda” deb ta’riflaganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ning duolariga nazar tashlansa, ko‘plab holatlarda u zotning duo paytida qo‘llarini ko‘targanlari rivoyat qilingan. Bu esa duoda qo‘l ko‘tarish tasodifiy harakat emas, balki sunnatga asoslangan odob ekanini ko‘rsatadi. Hadis mazmunida Alloh taolo banda qo‘llarini Unga ko‘targanida, ularni bo‘sh qaytarishdan hayo qilishi zikr qilinadi. Bu bayon, avvalo, duoda qo‘l ko‘tarishning shar’iy maqomini mustahkamlaydi. Shuningdek, ulamolar duoning ijobatiga sabab bo‘ladigan omillar qatorida xushu‘, ixlos, tazarru‘ va kamtarlikni sanaganlar. Qo‘llarni ko‘tarish esa ana shu ichki holatlarni tashqi ko‘rinishda ifodalovchi eng ravshan belgilaridan biridir. Shu sababli fiqh va hadis manbalarida duoda qo‘l ko‘tarish ko‘pincha duoning odoblari sirasida zikr etiladi, ya’ni u duoning asl rukni bo‘lmasa-da, uning go‘zalligini va ta’sirini to‘ldiruvchi amal hisoblanadi. Ayni paytda ulamolar duoda qo‘l ko‘tarish masalasida tafsilotlarga ham to‘xtalganlar. Masalan, ba’zi duolar bor-ki, ularda qo‘l ko‘tarish ko‘proq rivoyat qilingan; ba’zilarida esa kamroq. Bu esa qo‘l ko‘tarishning o‘zi ham fiqhiy nozikliklarga ega ekanini ko‘rsatadi. Biroq umumiy jihatdan qaralganda, duoda qo‘l ko‘tarish musulmonlar orasida tan olingan, sunnatga asoslangan va duoning odoblaridan biri sifatida qabul qilingan. Shu o‘rinda muhim jihat shuki, duoda qo‘llarni ko‘tarish masalasi faqatgina tashqi harakat sifatida emas, balki banda qalbidagi holat bilan chambarchas bog‘liq holda baholanadi. Qo‘l ko‘tarish ixlos va tazarru‘ bilan uyg‘unlashgandagina duoning ruhiga mos keladi. Shuning uchun ham ulamolar duoning odoblarini sanab o‘tar ekanlar, qo‘l ko‘tarishni doimo qalb holati bilan birga tilga olganlar.
2. Duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish haqidagi hadislar
Duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi hadis manbalarida bir necha sahoba orqali rivoyat qilingan bo‘lib, ushbu rivoyatlar muhaddislar tomonidan alohida ko‘rib chiqilgan. Rivoyatlar sanad va matn jihatidan turlicha bo‘lsa-da, ulamolar bu masalani rivoyatlar majmui, sahobalar amali va duoning odoblariga oid umumiy qoidalar asosida baholaganlar. Quyida mazkur masalaga oid asosiy hadis rivoyatlari ketma-ket zikr qilinadi.
1. Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhudan rivoyat
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«كَانَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ إِذَا رَفَعَ يَدَيْهِ فِي الدُّعَاءِ لَمْ يَحُطَّهُمَا حَتَّى يَمْسَحَ بِهِمَا وَجْهَهُ»
Ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilganlarida qo‘llarini ko‘targan bo‘lsalar, ularni tushirmasdan oldin qo‘llari bilan yuzlarini surtardilar.”
Bu hadisni Imom at-Termiziy “Sunan at-Termiziy” asarining “Kitob ad-duo” bobida 3386-raqam ostida keltirgan bo’lsa, Hokim o’zining “al-Mustadrak”(1/719) asarida rivoyat qilganlar. Hokim hadisni sahih deb baholagan, Imom Zahabiy esa unga muvofaqat bildirgan. Alloma Ibn Hajar al-Asqaloniy ushbu rivoyat haqida so‘z yuritar ekan, uning boshqa yo‘llar bilan ham rivoyat qilinganini va jamlanishi bilan quvvatlanishini ta’kidlaydi (Subul as-salam, 2/709). Bu esa hadis ilmidagi “turuq” (yo‘llar) masalasining e’tiborga olinganini ko‘rsatadi.
2. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat
Ibn Abbos roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlari rivoyat qilinadi:
«إِذَا دَعَوْتَ اللَّهَ فَادْعُهُ بِبُطُونِ كَفَّيْكَ، وَلَا تَدْعُهُ بِظُهُورِهِمَا، فَإِذَا فَرَغْتَ فَامْسَحْ بِهِمَا وَجْهَكَ»
Ya’ni: “Allohga duo qilganingda kaftlaringning ichki tomoni bilan duo qilgin, tashqi tomoni bilan emas. Duo tugagach, qo‘llaring bilan yuzingni surt.”
Bu rivoyatni Imom Abu Dovud (1485) va Ibn Moja (3866) “Sunan” kitoblarida zikr qilgan bo’lsa, Hokim “”al-Mustadrak” (1/719), Imom Bayhaqiy esa “as-Sunan al-Kubro” (3276) kitoblarida zikr qilib o’tganlar. Imom Abu Dovud ayrim sanad yo‘llarida za’flik borligini zikr qilgan bo‘lsa-da, hadis ilmi ulamolari bu rivoyatning boshqa shohid va mutobi‘ yo‘llari borligini qayd etganlar. Xususan, Imom Suyutiy va Hofiz Ibn Hajar bu rivoyatlarni jamlab, hadis hasan darajasidan past emasligini bayon qilganlar.
3. Boshqa rivoyatlar va shohid yo‘llar
Ba’zi rivoyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilganlarida qo‘llarini ko‘targanlari va duo tugagach qo‘llarini yuzlariga surtganlari boshqa sahobalar orqali ham zikr qilingan. Ushbu rivoyatlarning ayrimlari mustaqil ravishda kuchli bo‘lmasligi mumkin, biroq hadis ilmidagi mashhur qoida asosida: “Bir masala bir necha yo‘l bilan rivoyat qilinsa, rivoyatlar o‘zaro bir-birini quvvatlaydi”, degan yondashuv bilan ulamolar ularni umumiy baholashda inobatga olganlar. Shu sababli bu masala faqat bitta sanad bilan cheklanib qolmagan, balki rivoyatlar majmui asosida muhokama qilingan.
4. Hadislar mazmunining duoning odoblari bilan uyg‘unligi
Muhaddis va fuqaholar ushbu rivoyatlarni sharhlash jarayonida muhim bir jihatga e’tibor qaratganlar: duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish amali duoning odoblari va iltijoning yakuni bilan uyg‘un keladi. Chunki banda duoda qo‘llarini ko‘targan holda Allohdan so‘ragach, o‘sha qo‘llar bilan yuzini surtishi — iltijoning jismoniy yakuni sifatida talqin qilingan.
Alloma San‘oniy bu ma’noga ishora qilib, qo‘llarni yuzga surtishni duo vaqtida qo‘llarga tushgan rahmatning yuzga yoyilishi sifatida sharhlaydi. Bu sharh fiqhiy-istihsoniy izoh bo‘lib, rivoyatlar mazmuni bilan mos keladi.
3. Sahobalar va salaf amaliyoti
Duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi faqat Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislar bilan cheklanib qolmay, balki sahobalar amaliyotida ham uchraydi. Bu esa mazkur amal ilk musulmon avlodlari orasida ma’lum bo‘lganini va mutlaqo dinga yot bid’at amal sifatida qaralmaganini ko‘rsatadi. Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad” asarining “Duoda qo‘llarni ko‘tarish” bobida Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumoning duodan keyin qo‘llari bilan yuzlarini surtganliklarini rivoyat qiladi. Rivoyatda shunday deyiladi:
“Ibrohim ibn Munzir bizga rivoyat qildi. U dedi: Muhammad ibn Fulayh bizga rivoyat qildi. U dedi: Otam menga Abu Nu’aym — u Vahbdir —dan rivoyat qildi. U aytdi: “Men Ibn Umar va Ibn Zubayrni duo qilayotganlarini ko‘rdim, ular ikki kaftlarini yuzlariga aylantirib surtardilar.” Bu rivoyatni Imom Ahmad o‘zining “Musnad” asarida (4/221, 17972) va Imom Abu Dovud “Sujud al-Qur’on” kitobida “Duo” bobida (1492) rivoyat qilgan.
Shuningdek, kibor tobeinlardan Hasan Basriyning ham duodan keyin qo’llarini yuziga surtganliklari rivoyat qilingan. Bu haqda Imom Suyutiy “Faz al-vi‘a” asarida isnodi hasan deb baholangan rivoyatni naql qiladi. U yerda shunday deyiladi: “Faryobiy dedi: Is’hoq ibn Rohavayh bizga rivoyat qildi. U dedi: Mu‘tamir ibn Sulaymon menga rivoyat qildi. U dedi: Men Abu Ka’bni qo‘llarini ko‘targan holda duo qilayotganini ko‘rdim. Duo tugagach, u qo‘llari bilan yuzini surtardi. Men undan: “Buni kimdan ko‘rding?” deb so‘radim. U: “Hasan ibn Abi Hasan (ya’ni Hasan Basriy)dan”, dedi.”
Ammo Imom Izz ibn Abdussalomdan duodan keyin yuzni surtish bid’at bo’lib, uni faqat johil odam qiladi, degan so'z naql qilingan. Bunga Imom Zarkashiy o'zining "Al-Azhiyah fi al-ad'iyah" kitobida javob berib shunday deydi: "Izzning Mosul fatvolarida aytgan: “Duoda yuzni qo'l bilan surtish bid'at boʻlib, uni faqat johil kishi qiladi”, degan so'ziga kelsak, bu u kishining ushbu hadislarni koʻrmaganiga yo'yiladi. Garchi o’sha hadislarning sanadlari kuchsiz boʻlsa-da, ularning yo'llari ko'pligi sababli bir-birini quvvatlaydi."
Shu tariqa, sahobalar va tabe’inlar amaliyoti ham duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi mashru’ ekanini va uning salaf amaliyotida ildizi mavjudligini ko‘rsatadi.
4. To‘rt mazhab ulamolarining duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish haqidagi bayonlari
Duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi faqat hadis rivoyatlari bilan cheklanib qolmagan, balki fiqh ulamolari tomonidan ham muhokama qilingan va fiqhiy manbalarda o‘z aksini topgan. Fuqaholar ushbu masalani baholashda hadis rivoyatlari, sahobalar amali hamda duoning odoblariga oid umumiy qoidalarni jamlab ko‘rganlar. Shu asosda to‘rt mazhab doirasida bu amal duoning odoblari va mustahab amallar sirasida zikr qilingan. Quyida har bir mazhab ulamolarining bayonlari alohida-alohida keltiriladi.
1. Hanafiy mazhabi ulamolari
Hanafiy mazhabining fiqhiy manbalarida duolar va azkor boblarida duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi ochiq yoki bilvosita tarzda zikr qilingan. Hanafiy allomasi Hasan ibn Ammor Shurumbuloliy o‘zining mashhur asari “Hoshiyat ash-Shurumbuloliy ala Durar al-hukkam” (1/80) asarida namozdan keyingi duolar va zikrlar haqida so‘z yuritar ekan, duo tugagach qo‘llarni yuzga surtishni haqida shunday deydi:
“So‘ng Alloh taoloning “Subhana rabbika” oyati bilan yakunlaydi. Bu Ali roziyallohu anhuning so‘ziga binoandir: “Kim qiyomat kuni ajrni to‘liq o‘lchov bilan olishni istasa, majlisidan turayotganda oxirgi so‘zi “Subhana rabbika” oyati bo‘lsin”. Shundan keyin qo‘llarini yuziga surtadi. Bu Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisga binoandir: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Agar Allohga duo qilsang, kaftlaringning ichki tomoni bilan duo qilgin, tashqi tomoni bilan emas. Duo tugagach, qo‘llaring bilan yuzingni surt”.” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
Shuningdek, hanafiy muhitida yozilgan boshqa fiqh va azkor manbalarida ham duoning yakuni sifatida qo‘llarni yuzga surtish zikr etilishi bu amal hanafiylar orasida tanilgan va qo‘llanilgan ekanini ko‘rsatadi. Hanafiy ulamolar uslubiga ko‘ra, bunday amallar duoning kamoliga xizmat qiluvchi odoblar doirasiga kiritiladi va ular bilan amal qilishda kenglik mavjud.
2. Molikiy mazhabi ulamolari
Molikiy mazhabining mu’tabar sharhlaridan bo‘lgan “Al-Favakih ad-Davani” (2/335) asarida Ahmad Nafraviy shunday deydi:
“Duodan keyin qo’llarini yuziga surtishi mustahabdir, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilardilar.”
Mazkur iqtibos Molikiy fiqhida ushbu amal inkor qilinmaganini, balki mandublik doirasida baholanganini ko‘rsatadi. Demak qo’llarni ko’tarish amali molikiy mazhabiga binoan duo odoblari sirasida fazilatli amallardan biri sifatida qabul qilinadi. Shuningdek, muallifning uni Nabiy alayhissalom amaliyotiga nisbat qilishi masalaning hadisiy asosga tayangan holda baholanganini anglatadi.
3. Shofe‘iy mazhabi ulamolari
Shofi’iy mazhabining yirik faqihi Imom Navaviy o‘zining “Al-Majmu'” (4/656) asarida duoning odoblari haqida so‘z yuritar ekan, shunday deydi:
“Duoning odoblaridan — uni sharafli vaqt, joy va holatlarda qilish, qiblaga yuzlanish, qo‘llarni ko‘tarish, duo tugagach yuzga surtish hamda ovozni jahru maxfiylik o‘rtasida tutishdir.”
Mazkur iqtibosdan ko‘rinadiki, Imom Navaviy duodan keyin qo’llarni yuzga surtishni mustaqil sunnat emas, balki duo odoblari qatorida zikr qilgan. Bu esa Shofe’iy mazhabida ushbu amal inkor qilinmaganini, balki fazilatli amallar sirasida baholanganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Imom Navaviy “At-Tahqiq” asarida bu amalni aniq ravishda mustahab deb baholagan. Bu hukmni Zakariyya al-Ansari “Asna al-Matolib” (1/160) da va Xatib Shirbiniy esa “Mug’niy” (1/370) asarlarida naql qilganlar. Demak, Shofe’iy mazhabida duodan keyin qo’llarni ko’tarish va ularni yuzga surtish mandub amal sifatida qabul qilingan amallar sirasidan baholanadi.
4. Hanbaliy mazhabi ulamolari
Hanbaliy mazhabining mu’tabar faqihlaridan Imom Bahutiy o‘zining “Sharh Muntaha al-Irodat” (1/241) asarida qunut va duo masalasini bayon qilar ekan, shunday deydi:
“So‘ng (qunutdan keyin) qo‘llari bilan yuziga surtadi. Shuningdek, namozdan tashqarida ham duo qilganda shunday qiladi.”
Mazkur iqtibosdan ko‘rinadiki, Hanbaliy mazhabida duodan keyin yuzni surtish faqat namozdan tashqari holatga emas, balki qunutdan keyingi holatga ham tatbiq etilgan. Bu esa ushbu amal mazhab doirasida mashru’ va amaliy jihatdan qabul qilinganini ko‘rsatadi. Yuqorida keltirib oʻtilgan to‘rt mazhab manbalaridan ko‘rinadiki, duodan keyin qo‘llarni ko’tarish va uni yuzga surtish amali inkor qilingan emas. Hanafiy, Molikiy va Shofi’iy mazhablarida u mustahab amal doirasida zikr qilingan, Hanbaliy mazhabida ham mashru’ amal sifatida qayd etilgan.
Xulosa. Duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish masalasi hadis rivoyatlari, sahobalar va tabe’inlar amaliyoti hamda to‘rt mazhab ulamolarining bayonlari asosida tahlil qilinganda, uning shar’iy asosga ega amal ekani ochiq ko‘rinadi. Rivoyatlar alohida sanad jihatidan turlicha baholangan bo‘lsa-da, ularning jamlanishi muhaddislar tomonidan maqbul darajaga ko‘tarilgan. Sahobalar va salaf amaliyotida ushbu amal uchrashi esa uning tarixiy-amaliy ildizga ega ekanini tasdiqlaydi. Fuqaholar mazkur amalni duoning odoblari va mustahab amallar sirasida zikr qilganlar. To‘rt mazhab manbalarida uning mashru’ligi qayd etilgani bu amal musulmonlar ibodat hayotida asrlar davomida qabul qilinganini ko‘rsatadi. Bu o‘rinda “bid’at” tushunchasini usuliy mezon asosida baholash zarur. Usul ulamolari bayon qilganidek, bid’at — din asoslarida dalilsiz ravishda yangi ibodat shaklini joriy etishdir. Holbuki, mazkur masalada hadis rivoyatlari mavjud, sahobalar amaliyoti sobit, fuqaholar tomonidan esa mustahab sifatida zikr qilingan. Shunday ekan, dalillarga tayanib kelgan va mazhablar tomonidan e’tirof etilgan amaliyotni mutlaq bid’at deya hukm qilish usuliy aniqlikka mos kelmaydi. Ilmiy mezon shuni taqozo etadiki, ixtilofiy masalalarda hukm chiqarishda tarixiy meros, rivoyatlar majmui va fuqaholarning qarashlari inobatga olinadi. Ayniqsa, to‘rt mazhab doirasida mustahab deb baholangan amalni shoshma-shosharlik bilan bid’at deb atash ilmiy ehtiyotkorlik tamoyiliga zid keladi. Shu bois, duodan keyin qo‘llarni yuzga surtish amalini sunnatga tayangan, salaf amaliyotida ildizi mavjud va fuqaholar tomonidan mustahab deb baholangan fazilatli amal sifatida tavsiya etish ilmiy va shar’iy mezonlarga to‘la muvofiqdir.
Azizbek Boqiyev
Mir Arab oliy madrasasi o ‘qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ahmad ibn Hanbal. Al-Musnad. – Bayrut: Muassasat ar-Risala.
2. Abu Dovud, Sulaymon ibn al-Ash’as. Sunan Abi Dovud. – Bayrut: Dar al-Fikar.
3. At-Termiziy, Muhammad ibn Iso. Sunan at-Termiziy. – Bayrut: Dar Ihya at-Turos al-Arabi.
4. Hokim, Muhammad ibn Abdulloh. Al-Mustadrak ‘ala as-Sahihayn. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.
5. Al-Bayhaqiy, Ahmad ibn Husayn. As-Sunan al-Kubra. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.
6. Al-Buxoriy, Muhammad ibn Ismoil. Al-Adab al-Mufrad. – Bayrut: Dar al-Bashair al-Islamiyya.
7. Ibn Moja, Muhammad ibn Yazid. Sunan Ibn Moja. – Bayrut: Dar al-Fikar.
8. Ibn Hajar al-Asqaloniy. Subul as-Salam. – Bayrut: Dar al-Hadis.
9. As-Suyutiy, Jaloluddin. Faz al-vi‘a fi ahadis raf‘ al-yadayn fi ad-du‘a. – Bayrut: Dar al-Bashair.
10. An-Nafraviy, Ahmad ibn G’anim. Al-Favakih ad-Davani. – Bayrut: Dar al-Fikar.
11. An-Navaviy, Yahyo ibn Sharaf. Al-Majmu‘ Sharh al-Muhazzab. – Bayrut: Dar al-Fikar.
12. An-Navaviy. At-Tahqiq. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.
13. Zakariyya al-Ansari. Asna al-Matalib. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.
14. Al-Xatib Shirbiniy. Mug’niy al-Muhtaj. – Bayrut: Dar al-Fikar.
15. Al-Bahutiy, Mansur ibn Yunus. Sharh Muntaha al-Iradat. – Bayrut: ‘Alam al-Kutub.
16. Shurunbuloliy, Hasan ibn Ammor. Hashiyat ash-Shurunbuloliy ‘ala Durar al-Hukkam. – Bayrut: Dar Ihya at-Turas.
17. az-Zarkashiy, Badruddin. Al-Azhiyah fi al-Ad‘iyah. – Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
