MAʼNAVIYAT VA TARAQQIYOT
Muallif: . .
Sana: 02.11.2026
13

«Men uchun ilm tahsilining eng muhim saboqlaridan biri — ilmning haqiqiy samarasi insonning o‘zida va jamiyatda yuzaga keltirgan ijobiy o‘zgarishlarida namoyon bo‘lishidir».

Ma’naviyat — insonni yuksaltiruvchi, taraqqiyotga yo‘l ochuvchi kuch hisoblanadi. Taraqqiyot tushunchasi faqatgina ijtimoiy hayot darajasining yuksalishi,yangi yangi binolar qurilishidagina emas, balki insonni ushbu ishlarni amalga oshirishga undagan kuch bilan belgilanadi.

Bu kuch esa undagi hayotning mohiyatini anglab yetganlik, adolat va zulm,halol va harom, yaxshi va yomonni ajratib beradigan,umumlashtirib aytganimizda esa, uning maʼnaviyatidir. Ma’naviyati yuksak inson faqat o‘z manfaatinigina emas, balki oila, jamiyat va Vatan manfaatlarini ham o‘ylaydi. U o‘z zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishga, boshqalarning haq-huquqlarini hurmat qilishga va jamiyat ravnaqi uchun xizmat qilishga intiladi.

Demak, ma’naviyat taraqqiyotning shunchaki qo‘shimcha omili emas, balki uning ruhi va jonidir.Islom ta’limining muhim maqsadlaridan biri insonni ilmli, odobli, halol, mas’uliyatli va jamiyatga foydasi tegadigan shaxs qilib tarbiyalashdir. Zero, haqiqiy ilm insonning nafaqat bilimini, balki xulq-atvorini ham yaxshilashi kerak.

Tarixga nazar tashlasak, islom sivilizatsiyasi taraqqiyotining yuksak bosqichlarida diniy ilmlar bilan bir qatorda matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa va boshqa fanlar ham rivojlanganini ko‘ramiz. Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy,Nuruddin Sobuniy kabi buyuk allomalar ilmiy merosimizni boyitgan bo‘lsalar, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy va Abu Ali ibn Sino kabi mutafakkirlar jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Ularning hayoti ilmga intilish, izlanish va insoniyatga xizmat qilishning yorqin namunasidir. Bu tarixiy tajriba bizga muhim bir haqiqatni anglatadi: ma’naviyat taraqqiyotga to‘siq emas, aksincha, uni to‘g‘ri yo‘naltiruvchi kuchdir.

Xulosa qilib aytganda milliy qadriyatlar,diniy urf odatlar koʻrinishida namoyon boʻladigan ushbu kuch-hayotning har jabhasida insonni boshqarishi kerak. Aks xolda biz insoniyatning taraqqiyoti deya bilgan narsalarimiz aslida uning tanazzuliga sabab boʻlishi mumkin.

Muhammadaminov Abdulqodir
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .